Senator: go‘sht narxining qimmatligi yem-xashak taqchilligi bilan bog‘liq

Endilikda qonun asosida bu borada yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligiga erishish, aholini arzon va sifatli go‘sht hamda sut mahsulotlari bilan to‘laqonli ta’minlash, shuningdek, yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali aholini band qilish doimiy e’tiborda.
Kuni kecha davlatimiz rahbari imzolagan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun ajratiladigan yer uchastkalarining o‘lchamini oshirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida"gi qonun shu maqsadga xizmat qiladi.
– Sir emaski oziq-ovqat xavfsizligi global darajadagi dolzarb masala, – deydi Senatning agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev. – Bu esa juda ko‘p omillar bilan bog‘liq. Ana shu omillarning bir bo‘lagi – chorvachilik sohasi. Keyingi yillarda chorvachilik sohasining barcha tarmoqlarini birdek rivojlantirish bo‘yicha zarur tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bunda asosiy e’tibor aholi, jumladan, dehqon xo‘jaliklariga qaratilmoqda. Sababi esa oddiy: chorvaning aksariyat qismi aholi xonadonlari, shu jumladan, dehqon xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri keladi. Biroq, ushbu yo‘nalishda muammolar ham bor. Bugun chorva bilan shug‘ullanuvchilarning qaysi biridan so‘ramang, ozuqa bazasi, ya’ni sodda qilib aytganda, yem-xashak taqchilligidan shikoyat qiladi. Bozorda go‘sht narxining nisbatan qimmatligi ham ko‘p jihatdan shunga bog‘liq. Demak, ozuqa bazasini kengaytirish kerak. Buning uchun esa, avvalo, huquqiy asos kerak.
Tahlil qilib ko‘rilganda, dehqon xo‘jaliklariga chorva mollari bosh sonidan kelib chiqqan holda ozuqa ekinlari yetishtirish uchun yer maydonlarini ajratishda ayrim hududlarning geografik joylashuvi, yerlarning hosildorligi, tuproq-iqlim sharoiti va boshqa qator soha uchun muhim omillar qonunchilikda yetarlicha inobatga olinmagani ma’lum bo‘ldi.
Hududlarning tabiiy imkoniyati va sharoiti bir xil emas. Vodiy bilan vohani yoki, deylik, Andijon bilan Qoraqalpog‘istonni taqqoslab bo‘lmaydi.
Demak, sohaga oid huquqiy normalar ham shunga yarasha bo‘lishi va bunda, birinchi galda tabiiy sharoiti og‘ir bo‘lgan hududlarga ustuvorlik berilishi maqsadga muvofiq.
Mamlakatimizning tabiiy sharoiti og‘ir bo‘lgan hudud esa Qoraqalpog‘iston yoki umumlashtirib aytilganda Orolbo‘yidir. Shu ma’noda yangi qonun birinchi navbatda Qoraqalpog‘iston manfaatlariga xizmat qiladi. Aniqroq aytganda, mazkur qonun bilan Yer kodeksi hamda “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar kiritildi.
Ma’lumki, shu paytgacha dehqon xo‘jaliklarini yuritish uchun 6 sotixdan 1 gektargacha yer maydoni ajratilgan. Endilikda mazkur qoida Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun o‘zgartirilmoqda. Ya’ni ushbu hududda dehqon xo‘jaligini yuritish uchun chorva ozuqasi ekinlarini yetishtirish maqsadida 6 sotixdan 5 gektargacha (ya’ni qolgan hududlarga nisbatan 5 marta ko‘p) yer uchastkalari ajratib beriladi.
Ushbu qonun tabiiy iqlim sharoiti og‘ir bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasida dehqon xo‘jaliklari rivojiga, chorva uchun ozuqa bazasi kengayishiga xizmat qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga va mazkur sohada mahsulot ishlab chiqarishning barqaror o‘sishini ta’minlashga xizmat qiladi. Bundan esa xalqimiz manfaatdor bo‘lishi shubhasiz.