Rossiyada migrantlar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi
Moskva viloyati, Krasnogorsk shahrida Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasidagi ommaviy mushtlashuv yuz berdi. Rossiya Tergov qo‘mitasi odam o‘ldirishga suiqasd moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochdi.
Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, 25 sentyabr kuni kechqurun ikki guruh erkaklar o‘rtasida shaxsiy adovat tufayli janjal kelib chiqqan. Janjal ishtirokchilaridan biri quroldan o‘q uzgan, keyin esa mashinada qochib ketgan.
Hozir huquq-tartibot idoralari xodimlari gumonlanuvchini hibsga olish uchun qidirmoqda. Mushtlashuvning qolgan ishtirokchilari allaqachon polisiya tomonidan ushlangan.
Shuningdek, Ufa shahri ulgurji bozorida sodir bo‘lgan ommaviy mushtlashuv oqibatida 6 kishi og‘ir jarohat oldi.
Qayd qilinishicha, O‘zbekistondan kelgan migrantlar va Ingushetiya davlat raqamlari bo‘lgan mashinalardagi odamlar o‘rtasidagi mojaro go‘sht pavilonida boshlangan. Qarz bo‘yicha og‘zaki tortishuv bolta va pichoqlar bilan ommaviy mushtlashuvga aylangan. Mushtlashuv ishtirokchilaridan biri travmatik to‘pponchadan o‘q uzgan.
20 nafar erkak o‘rtasidagi mushtlashuv faqat voqea joyiga yetib kelgan polisiya tomonidan to‘xtatilgan. Mojaroning olti ishtirokchisi shifoxonaga yotqizilgan. Ulardan biri boshidan jarohat olib, reanimasiyada ekani aytilmoqda.
Gumonlanuvchilarga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 213-moddasi 2-qismi (Bir guruh shaxslar tomonidan qurol ishlatib, bezorilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular to‘rt yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.