Ronaldu va Messi bu safar “Oltin to‘p”dan quruq qoladimi?

Ronaldu va Messi bu safar “Oltin to‘p”dan quruq qoladimi?

Bu galgi jahon chempionati qiziqarli voqealarga boy bo‘lmoqda. Xususan, ayni damda dunyoning ikkita eng kuchli futbolchisi — Ronaldu va Messi uchun mundial yakuniga yetdi. Eng qizig‘i, bu ikki yulduzning bu safargi qismati bir-biriga juda o‘xshash bo‘ldi.

 

Ikkala yulduz ham imkon qadar terma jamoalarini uzoqroqqa olib borishga intilishdi. Ammo argentinalik futbolchi Xaver Maskerano aytganidek, bitta futbolchi butun boshli terma jamoaga qarshi kurasha olmaydi.

Urugvayga qarshi o‘yinda Portugaliya terma jamoasi ustozi tarkib borasida xatoga yo‘l qo‘ydi. Argentina terma jamoasi murabbiysi ham Fransiyaga qarshi o‘yinda xuddi shunday tarkib jihatidan xato qilgandi. Santushning xatosi himoyada Rikardu Perreyrani tushirgani bo‘ldi. Vaholanki, hal qiluvchi o‘yinlarda terma jamoa safida yetarlicha tajribaga ega bo‘lgan va sinalgan futbolchini tushirish lozim edi. Santush Ispaniyaga qarshi o‘ynagan tarkibni tanlaganida yaxshiroq bo‘larmidi balki...

Aslini olganda portugallar bilan argentinaliklarning tarkibdagi muammolari bir xil. Argentina aynan himoyadagi nuqsonlar evaziga Fransiyadan 4 ta gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, Kavani portugallarini kuchsiz himoyasidan foydalanib dubl qayd etdi.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. “Oltin to‘p” Ronaldu va Messiga berilmasligi mumkinmi? Bizningcha, ha. Agar Fransiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe kechagidek o‘yinini jahon chempionati oxiriga qadar namoyish etadigan bo‘lsa, keyingi o‘yinlarda ham hal qiluvchi gollarga mualliflik yoki hammualliflik qilsa, finalda o‘zini ko‘rsata olsa, unga “Oltin to‘p”ni berish adolatdan bo‘ladi. Chunki jahon chempioni bo‘lish La Liga chempionligini qo‘lga kiritish yoki UEFA g‘olibiga aylanishdan ancha qiyinroq.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!