Qirg‘iziston o‘z yerini Xitoyga berib yuboradimi?

Qirg‘iziston o‘z yerini Xitoyga berib yuboradimi?

Shu kunlarda Qirg‘izistonda Xitoydan olgan qarzini qaytarish masalasi muhokamasi yana avj oldi. Ijtimoiy tarmoqlarda qo‘shnilarimiz hatto buning uchun o‘z zaminidan bir qismini chinliklarga berib yuborar ekan, degan gaplar tarqaldi. Xo‘sh, qirg‘izlarda ahvol shu darajada tangmi? Vaziyat hududiy yaxlitligiga putur yetkazadigan darajaga kelib qoldimi?

Ushbu mamlakat prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi bosh vazir Sadir Japarov ana shu ishtibohlarga uzil-kesil nuqta qo‘ygan ko‘rinadi.

«Bir metr ham yer Xitoyga berilmaydi» dedi u. Shu orqali Jetim-Too uchastkasi XXRga qo‘sh qo‘llab topshirilayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Uning aytishicha, qarzni to‘lash yo‘llari qidirilmoqda.

O‘z navbatida, Japarov Putin bilan telefon orqali navbatdagi suhbatda  Xitoy bergan qarzni uzish uchun Rossiyadan yordam so‘radi.

Bundan tashqari, prezident-bosh vazir omonatdan qutulish uchun aholidan mablag‘ yig‘ish tashabbusini ham qo‘llab-quvvatlagan.

«Bu xalqning tashabbusi, taklif biznesmenlar, boy odamlardan kelib tushdi. Ha, to‘g‘ri, tashqi qarzni bunday usulda to‘lashga qarshilar ham bor. Lekin hech kim hech kimni majburlayotgani yo‘q. Kim xohlamayotgan bo‘lsa, bunga jahl qilish kerak emas», — deya ta’kidlagan Japarov.

U O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaralar demarkasiyasi hamda delimitasiyasi masalasini ham hal etishini qo‘shimcha qilgan.

Ma’lumot uchun, 14 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchisi bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbatda o‘zaro do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilishi qatorida Davlat chegarasini delimitasiya va demarkasiya qilish bo‘yicha hukumatlararo komissiya, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiya va Chegaradosh viloyatlar rahbarlari kengashi ishini faollashtirish zarurligi qayd etildi.

P/S: Qirg‘izistondagi tartibsizliklar va siyosiy inqiroz sababli Rossiya ushbu mamlakatga moliyaviy yordam berishni vaqtinchalik to‘xtatgandi. Qirg‘iziston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Artyom Novikov va Rossiya prezidenti ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Dmitriy Kozak Moskvadagi uchrashuvda Rossiya tomonidan Qirg‘izistonga moliyaviy yordam berilishini qayta tiklash masalasida kelishib oldi. Bu haqda Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati xabar berdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!