Qashqadaryoda ayol o‘zini osdi. Bunga eri sabab bo‘lgan
Koson tumanida yashovchi fuqaro, 1977 yilda tug‘ilgan A.X. o‘z xotiniga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lib, unga muntazam ravishda turli tan jarohatlari yetkazib kelgani aniqlandi. Bu haqda «Nasafnews»ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tumani sudi raisi A. G‘opporov xabar qildi.
Xabarga ko‘ra, 2021 yil 3 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudining o‘z binosida shu ish ko‘rib chiqilgan.
Sudlanuvchi A.X. 2002 yilda 1983 yilda tug‘ilgan fuqaro N. R. bilan qonuniy nikohdan o‘tib, turmush qurib, er-xotin bo‘lib yashab kelishi davomida, o‘ziga moddiy tomondan va boshqa jihatlardan qaram bo‘lgan turmush o‘rtog‘i N.R.ga rahmsiz munosabatda bo‘lgan. Uning sha’ni va qadr qimmatini muttasil ravishda kamsitib kelganligi oqibatida uni o‘zini-o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yil 9 dekabr kuni soat 13:00larda turmush o‘rtog‘i N.R. tirnoq oladigan buyumni boshqasiga almashtirib olib kelganligini bahona qilib, uni haqoratlab, tut daraxtidan bo‘lgan tayoq bilan N.R.ning tanasini duch kelgan joylariga urib, tepib, jismoniy va ruhiy azob chekishiga olib keladigan qo‘pol va ayovsiz munosabatda bo‘lgan.
N.R. turmush o‘rtog‘i A.Xning xo‘rlash, kamsitish, tahqirlash va rahmsiz munosabatda bo‘lish harakatlarini to‘xtatmasdan, davom ettirayotganligi bois bunday ruhiy va jismoniy azoblarga chiday olmasdan, 2020 yil 12 dekabr kuni soat 07:30 larda yashash uyi og‘ilxonasining yog‘ochdan bo‘lgan eshigi to‘siniga arqondan sirtmoq tayyorlab, bo‘yin sohasidan o‘zini-o‘zi osib, o‘z joniga qasd qilib, hodisa joyida vafot etgan.
Sudlanuvchi A.X. o‘zining bu qilmishi bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 103-moddasi 2-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni qasddan sodir qilgan.
Sudlanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 103-moddasi 2-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
