Qariyb 26 kun to‘xtovsiz uchadigan dron yaratildi

Qariyb 26 kun to‘xtovsiz uchadigan dron yaratildi

Dunyoga mashhur Airbus Defense kompaniyasi tomonidan yaratilgan Zephyr S uchuvchisiz uchish apparati sinov chog‘ida qo‘nishsiz parvoz qilish bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, mazkur qurilma havoda to‘xtovsiz qariyb 26 kun uchib yurgan.

“Bu dunyodagi eng uzoq parvozdir, - deyiladi xabarda. – Shu orqali undagi tizim imkoniyatlari tasdiqlandi, shuningdek, oldinga qo‘yilgan muhandislik vazifalari uddalandi”.

Qayd etilishicha, sinov Buyuk Britaniyaning qo‘llab-quvvatlashi bilan olib borilgan. Sababi aynan shu davlat yuqoridagi apparatni birinchi bo‘lib o‘z qurolli kuchlariga qabul qilmoqchi. Keyingi parvoz shu yil oxirida Avstraliyaning Vindxem maydonida amalga oshiriladi.

O‘tgan safar bu boradagi eng yuqori ko‘rsatkich ham aynan ushbu kompaniya qurilmasi yordamida o‘rnatilgandi. O‘shanda rekord 14 kunni tashkil etgan.

Ma’lumot uchun, qurilma korpusiga quyosh batareykalaridan quvvat oladigan

motorlar o‘rnatilgan.

“U na samolyotga o‘xshaydi, na sun’iy yo‘ldoshga. Unda har ikkalasining ham o‘ziga xos jihatlari mujassam. Sun’iy yo‘ldoshning ishlash davomiyligi va uchuvchisiz uchish qurilmasi ixchamligi”, - deya ta’kidlaydi kompaniya vakillari.

Mazkur apparatdan harbiy razvedkadan tortib tabiiy va texnogen ofatlar hududlarini, qolaversa, Yer atmosferasini kuzatish, yo‘ldosh aloqasi yo‘q mintaqalarda uni ta’minlash maqsadlarida foydalanish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Zephyrning qanotlari qulochi 25 metr, og‘irligi bor-yo‘g‘i 75 kg.ga teng. Shunga qaramasdan u o‘ziga nisbatan besh barobar og‘ir yukni olib yurish imkoniga ega. Parvozining eng yuqori balandligi 21 ming metr. Ushbu apparat savdosiga mas’ul bo‘lgan Nayjel Chandlerning aytishicha, yaqin kelajakda uning parvoz muddatini 100 kunga chiqarish rejalashtirilgan.

Manba: xs.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!