Qabr - biz uchun ibratdir

Qabr tomon yelkada ko‘tarib boriladigan tobutlar aqli raso kishilarga katta ibratdir. Janoza marosimiga qatnashgan insonlar eslatma va o‘git olishlari kerak. Tobut g‘aflatdagi kishilar uchun hech qanday ma’no kasb etmaydi, faqatgina g‘am-g‘ussalari ortadi. Chunki g‘ofillar tobutda o‘zidan boshqalarni ko‘radi. Ertami-indinmi o‘zi ham shu tobutga tushishini o‘ylamaydi. Yoxud bir kun o‘zi ham shu tobutda yotishini ozmi-ko‘pmi o‘ylasalar-da, lekin buni juda uzoq muddatga suradilar. Xayol qilmaydilarki, bu tobut ichidagi ham shunday deb o‘ylardi. Lekin hisob-taxmin xato bo‘lib chiqdi. So‘nggi kunlari shoshilib kela qoldi. Ichida mayyit yotgan tobutni ko‘rgan har kishi o‘sha yotgan menman, deb o‘ylamog‘i kerak. Chunki hech qancha vaqt o‘tmasdan o‘zi ham albatta uning ichida yotadi.
Biz yaqinda bir janoza marosimida shunday holatni ko‘rdik janozaga odamlar to‘plandi. Ko‘pchiligi kulib, surbetlarcha yoqimsiz qiliqlar qilishdi. Hali mayyit qabrga qo‘yilmasidanoq butun gap-so‘z uning merosi va uni bo‘lishib oladigan vorislari to‘g‘risida edi. Hech qaysi biri o‘z janozasini va tobutga qo‘yilganida atrofida qanday gap-so‘z bo‘lishini aslo o‘ylamas edi.
Bu g‘aflatning sababi gunohlari ko‘pligidan qalblari g‘amga botadi? Chunki biz Allohni, qiyomat kunini va kelajakda bizni kutayotgan tahlika va dahshatlarni unutganmiz. Biz mutlaq befoyda narsalar bilan vaqtimizni o‘tkazamiz. Allohdan bizni bu g‘aflat uyqusidan uyg‘otishini so‘ramaymiz. Janozada hozir bo‘lganlar uchun eng yaxshi hol - yig‘lamoqdir. Agar aqllari bo‘lsaydi, o‘likka emas, o‘z hollariga yig‘lamoqdir.
Ibrohim Zayyot: "Biz o‘likka emas, o‘z holimizga yig‘lashimiz kerak. Agar aqllari bo‘lsaydi, o‘likka emas, o‘z hollariga yig‘lardilar", deganlar.
Ibrohim Zayyot bir o‘likka rahmat so‘rab, duo o‘qiyotgan bir guruhni ko‘radi. Deydiki: "Agar o‘z nafslaringizga rahmat so‘rab, fotiha o‘qisaydingiz, siz uchun xayrliroq bo‘lar edi".
Tafakkur, ibratlanish, safarga hozirlanish va tobut olib ketilayotganda tavoze bilan yurish, o‘lgan kishi hatto fosiq bo‘lsa ham, u haqda yomon fikrlarga bormaslik janozada hozir bo‘lganlar odobidan hisoblanadi. Kishi o‘z nafsi haqida, hattoki, ko‘ziga yaxshi ko‘rinsa ham, yomon fikrda bo‘lishi kerak, lekin o‘lik to‘g‘risida aslo yomon xayolga bormasligi lozim.
Bir kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi: "Yo Allohning Rasuli, insonlar orasida nafsoniy orzularidan eng tez qutulib ketadigan kim?". Rasululloh sollallohu alayhi vasallam javob berdilar: "Qabrni va o‘zini kutib turgan balolarni unutmangan, dunyoviy zavq va orzularini tashlab keta oladigan, mangu narsani o‘tkinchisidan afzal bilgan va nafsini qabr ahlidan biri deb hisoblay olgan kishi nafsoniy orzularini tez tizginlab oladi".
Hazrat Ali roziyallohu anhudan: "Nima uchun mozorga yaqin joyda yashaysiz?" - deb so‘rashdi. "Mozor qabrlar mening eng yaxshi va sodiq qo‘shnilarim. Ular tillarni yomon so‘z aytishdan qaytarib, oxiratni eslatadi", - deb javob berdilar.
Usmon roziyallohu anhu yo‘l ustida biron qabrga duch kelganlarida to‘xtar va shunday yig‘lardilarki, soqollari ko‘z yoshlaridan jiqqa ho‘l bo‘lib ketardi. Bir kuni u kishidan sababini so‘rab: "Jannatni hamda jahannamni esga olgan chog‘izda yig‘lamaysiz, qabr boshiga kelib, o‘zingizni yig‘idan to‘xtatolmaysiz?" - deyishdi. Hazrat Usmon bunday dedilar: "Men Rasululloh alayhissalomdan eshitganman. U kishi aytardilarki: "Qabr oxirat yo‘lining birinchi qo‘nalg‘asidir. Agar kishi qabrdagi so‘roqdan omon chiqsa, undan u yog‘i oson kechadi. Agar u yerda so‘roqdan omon chiqmasa, u yog‘i mashaqqatli bo‘ladi".
Mujohid deydi: "Odamzod o‘lgan chog‘ida unga birinchi bo‘lib qabr chuquri xitob qiladi: "Men hasharot uyasiman. Men yolg‘izlik, men g‘urbat, men zulmat uyiman. Men senga hozircha shularni hozirladim. Sen menga nima hozirlab kelding?".
Manba: azon.uz