Prezident Xalqaro turizm markazidagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi

So‘nggi yillarda eng zamonaviy standartlarga mos infratuzilma yaratilgani tufayli Samarqand shahri xalqaro miqyosdagi yirik tadbirlar – oliy va yuqori darajadagi sammitlar, konferensiya va kongresslarning an’anaviy mezboniga aylandi.
2022 yilda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Buyuk ipak yo‘li” majmuasi bunyod etilgani bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqib, Samarqandning xalqaro markaz sifatidagi salohiyatini yanada oshirdi.
Bugun Prezident ushbu xalqaro turizm markaziga tashrif buyurib, olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishdi. Majmuada xorijiy delegasiyalar va sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, qulayliklarni kengaytirishga qaratilgan muayyan ishlar olib borilmoqda, qator yangi ob’ektlar qurilmoqda.
Jumladan, markaz hududida konsert zali barpo etilmoqda va zamonaviy akustika uskunalari bilan jihozlanmoqda.
Prezidentimiz xorijiy delegasiyalar, ikki tomonlama uchrashuvlar uchun qulayliklarni oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shu yerning o‘zida Samarqand viloyati hokimi hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yuzasidan davlatimiz rahbariga hisobot berdi.
Ta’kidlash joiz, joriy yilda Samarqandda yirik xalqaro anjumanlar bo‘lib o‘tadi. Bugungi kunda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti va Iqlim forumi, “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari” sammiti, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini o‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.