Prezident Toshkentdan Parkentga elektropoyezdda bordi
Bugun, 20 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridan Parkent tumaniga yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l tarmog‘i orqali qatnayotgan elektropoyezdda keldi. Davlat rahbari safar davomida transport infratuzilmasi va viloyatning iqtisodiy salohiyatini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratdi.
Poytaxt bilan Parkent tumanini bog‘lash maqsadida davlat rahbarining 2025 yil 27 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasining transport-logistika tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi qurildi. Toshkent – Parkent yo‘nalishida elektropoyezd qatnovi joriy yil sentyabr oyidan yo‘lga qo‘yilgan.
Loyiha doirasida 535,4 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 24 kilometrlik Baytqo‘rg‘on – Parkent elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi barpo etildi.
Qurilish ishlari natijasida bitta yangi bekat, uchta ko‘prik, avtomobil yo‘l o‘tkazgichi, 77 ta suv o‘tkazish inshooti hamda 16 ta avtomobil va temir yo‘l kesishmasi qurildi. Shuningdek, 24 kilometrlik kontakt tarmog‘i va elektr uzatish liniyasi barpo etildi. Loyiha doirasida 40 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Yangi temir yo‘l poytaxt va Parkent o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlash, aholining harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirish, tumanning turistik jozibadorligini oshirish, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Umumiy masofasi 57,6 kilometr bo‘lgan Toshkent – Parkent yo‘nalishida olti vagonli zamonaviy «EP3D» elektropoyezdi qatnamoqda. Qiymati 124 milliard so‘m bo‘lgan poyezd 586 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan va soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.
Elektropoyezd Toshkentdan Parkentgacha bo‘lgan masofani 1 soat 13 daqiqada bosib o‘tadi. Yo‘l haqi 10 ming so‘m etib belgilangan. Bu ushbu yo‘nalishdagi taksi xizmati o‘rtacha narxidan 2,5 barobar arzon.
Yangi yo‘nalishda kuniga 2 ming nafargacha, yiliga esa 300 ming nafar yo‘lovchini tashish imkoniyati mavjud.
Vagonlar iqlim nazorati tizimi, qulay o‘rindiqlar, USB quvvatlash nuqtalari va bepul Wi-Fi bilan jihozlangan. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus ko‘targichlar va moslashtirilgan joylar, velosipedlarni tashish moslamalari hamda elektron axborot tablolari o‘rnatilgan.
Yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash uchun videokuzatuv va to‘qnashuv paytida zarba kuchini kamaytiruvchi tizimlar ham nazarda tutilgan.
Safar davomida Prezident Toshkent viloyatining iqtisodiy salohiyatidan yanada samarali foydalanish masalalariga ham to‘xtaldi. Jumladan, yer resurslaridan unumli foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi va mahsulotlarni qayta ishlash tarmoqlari salohiyatini kamida ikki barobar oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
Davlat rahbari Parkentning yangi vokzal stansiyasi bilan tanishdi. U temir yo‘l infratuzilmasini yanada takomillashtirish, vokzallarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, yo‘lovchilar uchun qulay sharoitlarni kengaytirish, qatnovlar samaradorligini ta’minlash va temir yo‘lga tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

