Pekin Afg‘oniston chegarasida nazoratni kuchaytirishni talab qildi
Xitoy Afg‘oniston hukumatini tojik–afg‘on chegarasida Xitoy fuqarolarining halok bo‘lishi yuzasidan har tomonlama tergov o‘tkazishga chaqirdi.
Xitoy Afg‘oniston hukumatidan tojik–afg‘on chegarasida Xitoy fuqarolarining o‘limi bo‘yicha har tomonlama tergov o‘tkazishni talab qildi. Bu haqda Afghanistan International telekanali xabar berdi.
BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqqan Xitoyning doimiy vakili Fu Kun chegaraoldi hududlarida nazoratni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi hamda bunday hodisalarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. U Xitoy fuqarolarining o‘ldirilishini keskin qoralab, sodir bo‘lgan voqeani mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy tahdid deb atadi va afg‘on hokimiyatini zudlik bilan choralar ko‘rishga da’vat etdi.
Diplomat Xitoy mintaqadagi davlatlar bilan hamkorlik qilishga, muvofiqlashtirish mexanizmlarini mustahkamlash va barqarorlikni ta’minlashga tayyor ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda hanuz turli qurolli guruhlar faoliyat yuritmoqda va ular xavfsizlikka tahdid solmoqda.
Xitoy vakili afg‘on hokimiyatini ushbu guruhlar faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha choralar ko‘rishga chaqirdi. Shuningdek, u Afg‘oniston va Tojikistonni yangi fojiali hodisalarning oldini olish uchun chegaradagi nazoratni kuchaytirishga da’vat etdi.
Bayonotga sabab noyabr oyi oxirida Tojikistonda, Afg‘oniston chegarasi yaqinida Xitoy ishchilariga qilingan hujumlar bo‘ldi.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, 26 noyabr kuni dron zarbasi oqibatida “Shohin SM” kompaniyasida ishlagan uch nafar Xitoy fuqarosi halok bo‘lgan. 30 noyabr kuni esa China Road and Bridge Corporation kompaniyasining yana ikki xodimi Afg‘oniston hududidan o‘qqa tutilishi natijasida vafot etgan. Yana besh kishi jarohat olgan.
Hodisalardan so‘ng Xitoy elchixonasi Tojikiston hukumati bilan shoshilinch maslahatlashuvlar o‘tkazdi va Xitoy kompaniyalariga chegaraoldi hududlardan xodimlarni evakuasiya qilishni tavsiya etdi.
2 dekabr kuni Tojikiston va Afg‘oniston tashqi ishlar vazirlari xavfsizlik bo‘yicha qo‘shma qo‘mitalari tuzish va chegara xizmatlari o‘rtasida muntazam aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib oldi. Tomonlar hujumlar uchun Dushanbe va Kobul o‘rtasidagi ishonchni izdan chiqarishga manfaatdor guruhlar javobgar ekanini ma’lum qildi.
Keyinchalik Afg‘onistonda hujumlardan biriga aloqadorlikda gumon qilinib, ikki kishi qo‘lga olingani xabar qilindi. Hozirgacha birorta ham guruh Xitoy fuqarolarining o‘ldirilishi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgani yo‘q.
