"Onlayn harid" ortida yashiringan firibgarlik
Toshkent viloyati, Chilonzor tumanida yashovchi 20 yoshli SH.O‘. IIOga murojaat qilib, kompyuter jihozilarini “Telegram” messenjeridagi do‘kon orqali onlayn harid qilganligini ammo jihozlar va o‘tkazilgan 1,5 mln. so‘m pullari qaytarilmaganligini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkent shahri, Chilonzor tumanida yashovchi 21 yoshli S.R. sodir etganligi aniqlangan.
Gumon qilinuvchi sifatida tergov harakatlariga jalb etilgan S.R. Internet foydalanuvchilariga “Telegram” messenjeri orqali soxta do‘kon kanalini yaratib, unda aslida mavjud bo‘lmagan kompyuter hixozlarini sotuvga qo‘yib, ularni qiziqtirib, bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritish orqali bank kartalarida saqlangan pullarni o‘g‘irlab, qing‘ir yo‘llar bilan boylik orttirib kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi "b" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, S.R.ning sodir etilib fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi "b" bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
