Olti yilda 20 marotaba sudlangan bekobodlik ayol qamoqqa olindi

Olti yilda 20 marotaba sudlangan bekobodlik ayol qamoqqa olindi

Sudning qora kursisi ga o‘tirish oson ish emas. Axir ayb bilan qora kursi da bir marta o‘tirishning o‘zi o‘zini bilgan odamga bir umrlik tamg‘a. Ammo ayrim kishilar uchun bu oddiy hol ekanligi juda achinarli.

Yaqinda Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudida bir ayol yigirmanchi marta sudlandi.

1981 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan bu ayol M. (uning sha’ni, aslida o‘zi yo‘qqa chiqargan sha’nini o‘ylab, ismini o‘zgartirib yozmoqchi edim, ammo, afsus, har qanday ism unga hayfday tuyulaverdi), ilk marta 2013 yilda jinoyatga qo‘l urgan.

Oliy ma’lumotli, ikki farzandning onasi bo‘lgan M.ning jinoyat tarixiga nazar solsangiz, uning firibgarlikni kasb qilib olgani ma’lum bo‘ladi.

Firibgarlik qilgani uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod shahar sudida ilk bor sudlangan M.ga bir yil axloq tuzatish jazosi tayinlangan. Amnistiya aktiga asosan u jazodan ozod etilgan.

Ammo u bag‘rikenglikdan to‘g‘ri xulosa chiqarib, hayotini izga solish o‘rniga jinoyat tarixini yildan-yilga boyitib bordi. Odamlarni aldab, mulkiga ega chiqishda ustasi farangga aylandi. Ayniqsa, buyum bozorlarida ulgurji savdo qiluvchilar uning nishoniga aylandi. Bugun bu bozorda, ertaga boshqasiga kirib, sotib, pulini olib kelaman , degan yolg‘on va’dalar bilan tadbirkorlarning tovarlarini o‘zlashtirishda davom etaverdi.

2014 yilda ikki marta, 2015 yilda yana ikki marta sudlangan M.ning jinoyat tarixida 2016 yil juda shonli kechdi. Chunki bu yilda u naq olti marta sudning qora kursisi da o‘tirishga muvaffaq bo‘ldi!

Har safar jarima miqdori, ozodlikni cheklash muddati oshib borgani bilan bu M.ga zarracha ta’sir qilmagani uning 2017, 2018 yillarda ham qayta-qayta sudlangani ko‘rsatib turibdi.

M. 2018 yilda ham 2016 yildagi rekordi ni takrorlamoqchi yoki yangilamoqchi edi. Biroq Jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod shahar sudi unga 52 million so‘m jarima va ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagach, u imkonsiz qoldi. Uning panjara ortidan chiqa olmagani navbatdagi firibgarliklarga nihoyat to‘siq qo‘ydi.

Sud hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etilib, jazo o‘tayotgan M.ning ustidan, taassufki, yana ariza tushdi. Chunki u qamalishidan sal oldin Chilonzor tumanidagi Toshkent savdo markazi da savdo qiluvchi ikki tadbirkorni chuv tushirib ketgandi. Birining o‘nta ayollar jemferini, ikkinchisining 7 o‘ram gazlamasini sotib, keyin pulini berish uchun olib ketgandi.

Ayoldan uzoq vaqt darak bo‘lmagach, ular ham sudga murojaat qildi.

Jinoyatga qo‘l uraverib, bu ayol xavfli residivistga aylanib ketgan, deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi sudyasi Sarvar Oripov. Shunday bo‘lsa-da u qasddan firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritishda ifodalangan jinoiy harakatlarni sodir etgan. Uning jinoyatni g‘arazli niyatlarda sodir etgani jazoni og‘irlashtiruvchi holat, deb baholandi. Biroq uning aybiga to‘liq iqrorligi, sodir qilgan jinoyatidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, qaramog‘ida ikki nafar farzandi borligi, jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogarlardan biri da’vosidan voz kechgani va uni jazolamaslikni so‘rab murojaat qilgani jazoni yengillashtiruvchi holatlar, deb topildi.

Sud hukmiga ko‘ra, M. bir yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, avval ham unga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangani hisobga olinib, ozodlikdan mahrum qilish jazolarini qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 5 yil 3 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Bunday ayollarni ko‘rganda, essiz ona, degan nom, deb o‘ylab qoladi kishi. Firibgarlik bilan emas, halol yo‘l bilan gulday ikki farzandini katta qilganida bu ayolga dunyoning xayrli eshiklari ochilmasmidi? Bolalar katta bo‘lib, dunyoning barokotini boshidan sochmasmidi? Afsuski, haromdan, birovning haqida hazar qilmagan odamni ertaga nima kutishi mumkin?

Zero, ajdodlarimiz mehnat qilgan xor bo‘lmas, mehnatdan kelsa boylik, hayot bo‘lar chiroylik, kabi naqllarni bejiz aytmagan. Asrlar sinovidan o‘tgan bu kabi o‘gitlarga amal qilganlar hech qachon kam bo‘lmaydi.

Norgul Abduraimova, O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!