Netanyaxu Isroil parlamenti ustidan nazoratni yo‘qotdi
Isroil parlamenti — Knessetning 120 nafar deputati ishtirokida o‘tkazilgan ovoz berish jarayonida sobiq din ishlari vaziri Matan Kaxana 66 nafar deputatning ovozini olib, parlament raisi etib saylandi.
54 yoshli siyosatchi markazchi «Yashar» partiyasi vakili hisoblanadi. Ushbu partiya raisi Gadi Ayzenkotga yangi hukumatni shakllantirish vazifasi topshirilgan.
Matan Kaxana amaldagi bosh vazir Binyamin Netanyaxuning o‘ng-konservativ «Likud» partiyasi vakili Amir Oxananing o‘rnini egalladi.
Muxolifat vakillari parlament raisi almashishi parlamentdagi ish jarayonlari va qonunchilik tashabbuslariga ta’sir o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirishga umid qilmoqda. Jumladan, ular 2023 yildan buyon Binyamin Netanyaxu hukumati tomonidan ilgari surib kelinayotgan bahsli sud islohotining asosiy bandlarini bekor qilishni maqsad qilgan.
Avvalroq o‘ta o‘ngchi moliya vaziri Besalel Smotrich Kaxanani «Isroil dushmanlari ovozlari» hisobiga lavozimga saylanishdan ogohlantirgan edi. Bu bilan u arab partiyalariga ishora qilgan.
Kaxana bunga javoban Smotrichni demokratik jarayonni hurmat qilishga chaqirdi. Kutilishicha, arab partiyalari Kaxana nomzodini qo‘llab-quvvatlab ovoz berdi.
Netanyaxu tarafdori bo‘lgan ayrim deputatlar ushbu natijaga «Sharmandalik!» degan baqiriqlar bilan munosabat bildirdi.
