Navoiylik "uchar" keksa odamning umriga nuqta qo‘ydi

Navoiylik "uchar" keksa odamning umriga nuqta qo‘ydi

Sudlanuvchi Azimov(shartli) Rashid Toshqulovich Nurota tuman elektr ta’minoti korxonasiga haydovchi bo‘lib ishga kirdi.

Ishga kirgach, undan boshqa haydovchilar ham borligini ko‘rib sekin-asta ishga ko‘nikib, ishga moslashdi. R.Azimov yoshligidan bilganlar uning avtomashina haydashini raketa uchishiga qiyoslashardi. Behad “temir tulpor”ni tez haydaganidan bo‘lsa kerak, ko‘chada u o‘tsa ota-onalar yosh bolalarini qo‘llarini mahkam tutishardi. R.ning otasi unga bir-necha marta tanbeh berib, avtomashinani belgilangan tezlikka rioya qilgan holda boshqarish lozimligi, aks holda ko‘ngilsizlik yuz berishi mumkinligini, “Falokat – oyoq ostida” degan maqol bejizga aytilmaganligini ko‘p takrorlardi. Afsus...

Rashid bu so‘zlarni xuddi unga taalluqli emasdek tinglardi. Uning nazdida, u boshqargan avtomashina hech qachon yo‘l-ulov hodisasiga uchramasdi. Biroq “Ko‘za kundamas-kunida sinadi” deganlaridek, ko‘pchilik xavfsiragan voqea o‘zini ko‘p kuttirmadi.

2019 yil 15 dekabr kuni qo‘shni mahallada yashovchi Alisher otasi  Bahrom boboga “Dada, iltimos bugun go‘sht olishga o‘zim borib kelay, siz uyda nevaralaringizga qarab o‘tirasiz” deganiga bobo “o‘g‘lim uyda zerikib o‘tiribman, bir aylanib, toza havo almashtirib kelaman” deb javob qaytardi.

Soat 10:30larda Rashid o‘ziga tegishli “Damas” rusumli avtomashinasini juda tezlik bilan boshqarish oqibatida, katta yo‘lni kesib o‘tayotgan Bahrom otani ko‘radi, biroq, tormozni bosgan bo‘lishiga qaramasdan, ulgurmay uni urib yuborib, yo‘l transport hodisasi sodir etgan.

Bahrom ota kalimasini ham keltirib ulgurmay bu foniy dunyoni tark etdi, uning ortidan o‘g‘li Alisher va nevaralari zor yig‘lab qolaverdi.

Sud majlisida R.Azimov uning oila a’zolari, suddan Bahrom otaning o‘g‘illariga yetkazilgan zarar qoplanganligini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanligini bot-bot takrorlashdi. Biroq, pushaymon bilan tarixni o‘zgartirib bo‘lmaydi.

Sud R.Azimovga adolatli hukm chiqardi.

 

X.Asomov, Jinoyat ishlari bo‘yicha

Nurota tuman sudi devonxona mudiri


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!