Nargiza Abdullayeva: Taniqli emas, sevimli bo‘lish muhim
— Kino sohasiga tasodifan kirib kelganim rost, — deydi Nargiza Abdullayeva tabassum bilan. — Biroq aslida bolaligimdanoq ko‘plab taniqli aktrisalarga chin dildan havas qilardim. O‘zimni sahnada deb tasavvur etib, qo‘shiq kuylardim. Maktabda ham turli tadbirlarda faol qatnashib, iqtidorimni namoyon qilishga intilardim. Mana shu qiziqishlarim sabab avvaliga bir necha yil raqs to‘garagiga qatnadim. «Chaman» raqs dastasining baletmeysteri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Azim Azizov ko‘magi bilan ilk marotaba katta sahnaga chiqqanman.
Modalar atelyesida ayollar libosi tikuvchisi bo‘lib ishlab yurgan kezlarimda yaqin dugonalarimdan biri «Charxpalak» teleseriali kastingiga ketayotgani haqida aytib qoldi. Uning iltimosini qaytarmay, hamroh bo‘ldim. Kasting tugaganidan so‘ng operator meni ko‘rib qolib, «Sizni negadir tasavvurimdagi Buvijon rolida ko‘ryapman. Agar rozi bo‘lsangiz, kasting topshirib ko‘ring», deya taklif qildi. Uzoq o‘ylanib, oxiri sinov topshirdim. Kutilmaganda omad kulib boqib, oltmishdan ziyod qiz orasidan aynan meni Buvijon roliga tasdiqlashdi. Dugonam qolib, kastingdan men o‘tib ketganimdan, to‘g‘risi, juda xijolat bo‘ldim.
Shunday qilib, Buvijon roli orqali ko‘pchilik meni aktrisa sifatida tanidi. Qahramonim holatini ishonarli ijro etishimda ustozlarim Nasiba va Ziyoda Madrahimova hamda Shavkat aka Junaydullayevning alohida mehnati bor. Ulardan bir umr minnatdorman.
— Eshitishimcha, «Shaytanat» serialidagi bir epizodik rolga taklif qilishganida rad javobini bergan ekansiz. Bundan afsuslanmaysizmi?
— Epizodik rolga emas, aynan bosh qahramon, ya’ni Asadbekning qizi roliga taklif qilishgan. O‘sha paytda yosh qiz bo‘lganim uchun bunday murakkab obrazni gavdalantira olishimga ko‘zim yetmay, qo‘rqqanman. Lekin hozir shu obrazni o‘ynamaganimga juda ham afsuslanaman.
— Rol tanlashda qandaydir ichki talablaringiz bormi?
— Ha, avvalo, ssenariyni o‘qib, ulardan bu kinoni qancha muddatda suratga olishini so‘rayman. Ayrimlari ishni ssenariysiz boshlamoqchi bo‘ladi. Ssenariy s’yomka jarayonida yozilib, to‘ldirib borilarmish. Bunday hollarga duch kelsam, nazarimda to‘g‘ri ish qilaman: bir hafta yoki o‘n kunda suratga olinib, bir oyga qolmay, ekranlarga chiqayotgan kinolarda suratga tusha olmasligimni aytib, uzr so‘rayman.
— San’at sohasida oliy ma’lumotingiz yo‘q, aktrisalik bo‘yicha hech qayerda o‘qimagansiz. Professional ijodkor bo‘lish uchun, albatta, shu soha bo‘yicha o‘qish shartmi yoki tug‘ma iste’dodning o‘zi kifoya, deb o‘ylaysizmi?
— Avvalo, insonning qalbi va niyati toza bo‘lishi lozim, degan fikrdaman. Qolaversa, tug‘ma iste’dod va omad ham muhim ahamiyatga ega. Men o‘zimni professional emas, havaskor, deb bilaman. Doimo ustozlarga havasmand sifatida ular kabi xalq ardog‘idagi ijodkor bo‘lishni niyat qilaman. Hozirgi ko‘plab yosh ijodkorlar, hattoki, ayrim ustoz san’atkorlar ham o‘ynayotgan roli tomoshabinning ma’naviy dunyosiga nechog‘li salbiy xizmat qilayotganini bilishmaydi. Ijodkor, avvalo, hayot maktabida chiniqib, pishishi kerak, deb hisoblayman. Mahorat faqat diplom bilan belgilanmaydi. San’at sohasida tahsil olib ham iste’dodsizligi tufayli faqat quruq savlat bo‘lib yurganlarning ko‘pini ko‘rdim. Hamma gap insonning o‘z ustida tinimsiz ishlashi, mashaqqat chekib izlanishida.
— So‘nggi paytlarda nima uchun kinofilmlarda kam ko‘rinyapsiz?
— Keyingi yillarda o‘qigan ssenariylar ichida yoqadigan rollarni uchratmayapman. Ba’zi «yosh rejissyor»lar va’da qilgan katta gonorar evaziga bachkana, saviyasiz va tomoshabin me’dasiga tegadigan filmlarda rol o‘ynab, muxlislarim oldida misqollab yiqqan obro‘yimni arzimas ijro orqali yo‘qotishdan, ularning ko‘nglini qoldirishdan qo‘rqaman.
Yaxshigina gonorar evaziga duch kelgan kinoda suratga tushsam bo‘ladi, albatta. Biroq buni ep ko‘rmayman. Axir, kinodagi rol bir umrga xalqqa meros sifatida qoladi. Ertaga rolimni ko‘rib, ijroim, mahoratim va mehnatimga munosib baho berishlarini xohlayman. Hayotda ham, kinoda ham ota-onam, turmush o‘rtog‘im, farzandlarim va yaqinlarimning yuzini yerga qaratadigan ish qilmasligim muhim.
— Bugungi o‘zbek kinosidagi qanday holatlar ko‘nglingizni og‘ritadi?
— Ssenariynavislar orasida diletantlar ko‘p. Aksariyat rejissyorlar reja asosida ishlamay, ssenariyni s’yomka maydonchasida aktyorlarga suflyorlar yordamida yodlatishyapti. Bu juda ham kulgili, tushunarsiz va juda achinarli holat. Shunday bo‘lgach, tabiiyki, ularda hayotiylik yetishmaydi. Ayrim rejissyorlar doim bir xil qiyofali aktyorlarni ekranga olib chiqishadi. To‘rt yil san’at sohasi bo‘yicha o‘qigan ko‘plab yosh aktyorlarni yoki bir nechta epizodik rol o‘ynaganlarni charxlab, o‘zbek kinosi uchun yangi qiyofa kashf qilmasliklari kishini taajjubga soladi. Teatrlarda ekranga chiqmay, ijod qilayotgan qancha-qancha mahoratli hamkasblarimiz bor. Ularning iqtidoridan ham foydalanish mumkin-ku?!
— Teatrda ishlash haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
— Bunday niyat ijodimni boshlagan kezlardayoq paydo bo‘lgan. Hozir ham shu orzudaman. Avvallari kuchli aktyorlarning bari teatrda bo‘ladi, deb o‘ylardim. Afsuski, hozir ijodi haminqadarlarning ham ko‘pi «ibratxona»da ishlashga oshiqyapti. Ular o‘zlaricha rol o‘ynab, «yulduz»man, deb yurishibdi. Bu holatga sira tushunmayman. Teatr darg‘alari bo‘lgan ustozlarimizni ham turli tadbirlarda «essiz sahna…», deya achinib gapirishlariga ko‘p guvoh bo‘lganman. Biroq men o‘zimni teatrda ijod qilishga loyiq, deb hisoblamayman. Hali o‘z ustimda ko‘p ishlashim va izlanishim kerak.
— Aksariyat yosh aktrisalarimizning o‘zini tutishi, kiyinishi tomoshabinlarning doimiy tanqidiga sabab bo‘lyapti. Sizning bu boradagi qarashlaringiz qanday?
— Haqiqatdan hozirgi ba’zi yosh aktrisalarimiz san’at mas’uliyatini his qilishmaydi. Ayrimlarining ijtimoiy tarmoqlarga joylagan suratlarini ko‘rib, uyalib ketasiz. Ular sabab boshqa aktrisalarning ham nomiga dog‘ tushayotgani yanada achinarli.
Aslida aktyor taniqli emas, sevimli bo‘lishi kerak. Shundagina bizni xalq yaxshi ko‘radi. Bu fikrlarim orqali aktrisalarimizning ayrimlariga aql o‘rgatib, tanbeh bermoqchi emasman. Faqatgina oddiy inson, muxlis sifatida ko‘rib, anglab yetganlarimni aytayapman, xolos.
— Oiladagi ro‘zg‘or tutumingiz haqida ham ozgina bilsak bo‘ladimi?
— Bu savolingizga jo‘yali javobni yaqinlarim va oila a’zolarimdan olishingiz mumkin, menimcha. Axir, o‘zimga xolis baho bera olmayman-da. Turmush o‘rtog‘im va farzandlarim yoqtirgan barcha taomlarni pishirishga, uyimni toza saqlashga va tejamkor bo‘lishga astoydil harakat qilaman. Tejamkor oilada baraka bo‘lishini bilaman.
Men uchun eng muhimi — oila. Uzoq muddat ekranlarda ko‘rinmay qo‘yganimning boisi ham shunda: farzandlarim tarbiyasi bilan band edim. Oilamni san’atdan ustun deb bilaman. Ayol kishi, avvalo, o‘zini oilasi va farzandlariga bag‘ishlashi kerak, deb hisoblayman.
Mirolim ISAJONOV
suhbatlashdi.
"Oila davrasida"
