Multfilmlar behayolikni targ‘ib qilayapti

Multfilmlar behayolikni targ‘ib qilayapti

Bugun televideniye orqali uzatilayotgan, hatto 10-12 yoshgacha bo‘lgan bolalar tomosha qiladigan “Bolajon” telekanalida namoyish etilayotgan ayrim multfilm hamda filmlarni kuzata turib, “Ular kattalar uchun ishlanmaganmikin?”, degan shubhaga borish mumkin...

Aksariyatida: “Bir ko‘rishda sevib qoldim”, “Azizam, nega parishonsan?”, “Ikkimiz birgalikda baxtli hayot kechiramiz”, “Seni sog‘indim”, “Menga turmushga chiqasanmi?”, “Judayam hayajondaman!..”, “Mamlakatni dushmanlardan himoya qilsang, yakkayu yagona qizimni senga nikohlab beraman...”, “Jonginam, yuzlaringdan bir bo‘sa olay...”, “Qizingizni sevib qoldim, uning qo‘lini so‘ramoqchiman”, “Men undan homiladorman...” singari jumlalar bot-bot takrorlanadi. Takrorlanganda ham shunchaki aytilmasdan, mentalitetimizga yot xatti-harakatlar orqali ifodalanadiki, bunday kadrlarni oila davrasida kuzata turib, uyalasan, kishi. Nega deysizmi? Sababi, “Bolajon” telekanalini bolalarimiz yaxshi ko‘rishadi. Shu bois kunning har qanday qismida ham imkoniyat tug‘ildi deguncha, farzandlarimiz televizorni yoqib, murvatini aynan ushbu telekanalga to‘g‘rilashadi. Ayrim hollarda bobo va buvilar, ba’zida mehmonlar bilan birgalikda multfilm ko‘rishga to‘g‘ri keladi. Har qancha noqulay bo‘lmasin, na chora, televizorni o‘chirib qo‘ya olmaymiz, bola aytganini qildiradi.

Bilamizki, har bir telekanalda bolalar uchun vaqt ajratilgan. Bu vaqt farzandlarimizning ma’naviyatini yuksaltirish, bilimini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish maqsadida mazmunli dasturlarni efirga uzatishga mo‘ljallangan. Ammo “Bolalar vaqti”da hamisha ham ko‘zlangan asl maqsad ustun bo‘lavermayotganiga guvoh bo‘layapmiz. Ta’kidlash kerakki, bolalarimizni soatlab televizor ro‘parasida “sehrlayotgan” bunday filmlar asosan, xorijda ishlangan kinoasarlar va multfilmlardir.

Gap-so‘zi, odob-axloqi bilan mentalitetimizga yot xarakter unsurlarini targ‘ib qilayotgan “Qor malikasi”, “Qizaloq va Maymoq”, “Sohibjamol va Maxluq”, “Muzyurak”, “Uch bahodirlar va Shamaxa malikasi”, “Kichik xo‘jayin”, “Krudslar oilasi”, “Qo‘shni ayiqlar”, “Olafning yangi yil sovg‘alari” kabi multfilmlar o‘rniga o‘zimizning “Zumrad va Qimmat”, “To‘g‘rivoy va Egrivoy”, “Kenja botir” singari milliy ertaklarimiz asosida ishlangan animasion filmlarni takror va takror efirga uzatishgani ming chandon yaxshi emasmi?!

Jajji tomoshabin ularni qayta va qayta ko‘rganda o‘zbekona xarakter, mehr-oqibat, halollik va to‘g‘riso‘zlik, birovning haqqiga xiyonat qilmaslik kabi olam-olam umuminsoniy qadriyatlar ruhida ulg‘ayadi. Ana shundagina televideniyeda “Bolalar vaqti” mazmunli o‘tadi, bolalarimizning estetik didi, saviyasi o‘sadi – ko‘zlangan pirovard maqsadga yetamiz.

Manba: zarnews. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!