Muftiy hazratlari Qatar elchisini qabul qildi
Bugun, 19 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qatar davlatining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Hasan bin Hamza Hoshim janoblarini qabul qildilar.
Muftiy hazratlari O‘zbekiston va Qatar davlatlari aloqalari oxirgi yillarda rivojlanayotgani, Toshkent va Doha shaharlarida elchixonalarning ochilishi ko‘p tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga hissa qo‘shayotgani, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qatar davlatidagi diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi tashkilotlar, jumladan, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari keyingi yillarda yurtimizda barcha yo‘nalishlar qatori diniy-ma’rifiy sohada ham katta ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotgani, jumladan, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi ish boshlagani, masjid-madrasalar ochilayotgani, fuqarolarga Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilganini alohida qayd etdilar.
Hasan bin Hamza Hoshim janoblari samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar jadal sur’atda taraqqiy etayotgani, o‘tgan 6 oyda davlat rahbarlari 2 marta uchrashgani, 30 ta oliy darajadagi hujjatlar imzolanganini bildirdi. Kelgusida Qatarning Vaqf va islom ishlari hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi har ikki tomon uchun ham foydali bo‘lishini ma’lum qildi.
Elchi janoblari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarini o‘zlariga qulay vaqtda Qatar davlatiga tashrif buyurishlariga taklif etib, ushbu mamlakatdagi diniy-ma’rifiy soha yo‘nalishidagi tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatish har jihatdan manfaatli bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuv do‘stoni va samimiy ruhda o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
