Mirziyoyev Nazarboyev bilan nimalar haqida gaplashdi?

Mirziyoyev Nazarboyev bilan nimalar haqida gaplashdi?

Bugun, 19 noyabr kuni, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda "Kun" nashri xabar bermoqda.

Suhbat chog‘ida prezidentlar ikki qardosh davlat o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari dinamik rivojlanayotgani hamda izchil mustahkamlanayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Barcha darajalarda va barcha sohalarda aloqalarni faollashtirish o‘zbek-qozoq ko‘p qirrali hamkorligini yanada chuqurlashtirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oshmoqda, iqtisodiyotning turli sohalarida, shu jumladan, mintaqalar va ishbilarmon doiralar o‘rtasida kooperasiya kuchaymoqda. Joriy yilning 15 noyabr kuni Chimkent shahrida Mintaqalararo hamkorlik bo‘yicha birinchi forumi muvaffaqiyatli o‘tdi, unda chegaraoldi viloyatlar ma’muriyatlari rahbarlari hamda ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari ishtirok etdi.

Qozog‘istonda O‘zbekiston Respublikasi yili doirasida ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar dasturlar ko‘pligi qayd etildi: yil boshidan buyon 50dan ortiq qo‘shma tadbirlar o‘tkazildi.

Davlatlar rahbarlari telefon orqali muloqot davomida yuqori darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida amaliy hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar, shuningdek, kelgusi tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.

Mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari, jumladan, 2019 yil O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi maslahat yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha fikr almashildi.

Muloqot yakunida ikki mamlakat yetakchilari O‘zbekiston va Qozog‘iston qardosh xalqlari manfaati yo‘lida ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklikning ikki tomonlama munosabatlarini mustahkamlash, butun mintaqa barqarorligi va taraqqiyoti uchun keng ko‘lamli hamkorlikni faol rivojlantirishga qat’iy sodiq ekanliklarini tasdiqladilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!