Mirishkor hokimi mahalla raislaridan uzr so‘radi
Bugun 3 mart kuni viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning topshirig‘i bilan viloyat hokimligi Odob axloq komissiyasi raisi Oliy Majlis senati a’zosi A. Erkayev va komissiya a’zolari Mirishkor tumani hokimligi faollar zalida mahalla raislari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazgan.
Tuman hokimligi axborot xizmatining «Nasafnews»ga xabar berishicha, so‘zga chiqqanlar o‘sha vaqtdagi ikki tomonning ruhiy holati, raislarning o‘z vazifasiga mas’uliyatsizligi, hokimning noo‘rin qo‘pollik qilganligi to‘g‘risida turli mulohazalar bildirishgan.
Tuman hokimining ishtirokisiz o‘tgan muhokama jarayoni yakunlangach komissiya raisi A. Erkayev zalga tuman hokimi B. Rajapovni taklif etdi. B. Rajapov bo‘lib o‘tgan noqulay holat va qo‘polliklar uchun mahalla raislaridan uzr so‘rab, o‘sha paytdagi og‘ir ruhiy holatiga izoh bergan.
Hokimlikning «Nasafnews»ga qo‘shimcha qilishicha, 2020 yil 28 fevral kuni Mirishkor tumani hokimligi binosida tuman hokimi B. Rajapov, tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i O. Badalov, viloyat pochtasi raisi va tumandagi mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tadi. Yig‘ilishda tuman hokimi B.Rajapov ba’zi mahalla raislariga tumanining mahalliy byudjetini shakllantirish uchun yig‘ilishi kerak bo‘lgan soliq tushumi ular rahbarligidagi mahallalarda umuman bo‘lmaganligi sababli tanbeh beradi. Bunga javoban ayrim mahalla raislari yig‘ilish qatnashchilari va tuman hokimiga nisbatan nopisandlik bilan mahalliy byudjetning shakllanishi uchun mahallalar javobgar emas degan mazmunda qo‘rs javob berishadi. Shunda bu javobdan jahli chiqqan tuman hokimi ba’zi bir mahalla raislariga nisbatan qo‘pol so‘zlar bilan so‘kinadi. Ammo bu holat uzoq davom etmaydi, audioyozuvdagi so‘zlar montaj asosida o‘zgartirilgan, hokim raislariga nisbatan qo‘l ko‘tarmagan, deyiladi hokimlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda kechadan beri keskin tanqidlarga sabab bo‘layotgan hokimning so‘kinishi bilan bog‘liq holatga bugun ertalab Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ham munosabat bildirgandi.
