MIB Navoiyda dahshatli darajadagi qarzdorlikni aniqladi
Navoiy shahrilik tadbirkor A. Qodirov tabiiy gaz hisoblagichini to‘xtatib qo‘yishning ilgari uchramagan yo‘lini topib, o‘zboshimchalik bilan foydalanib kelayotgan edi.
Ammo “Ko‘za kunda emas, kunida sinadi” deganlaridek, uning qing‘ir ishi Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan fosh etildi. Oqibatda davlat manfaatlariga 17 million 138 ming so‘m miqdorida zarar yetkazganligi aniqlanib, mazkur holat yuzasidan zarar to‘liq undirildi. Fuqaroga tegishli tartibda eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida jarima qo‘llanildi.
Joriy yilning birinchi choragida tezkor-qidiruv va surishtiruv tadbirlari olib borilishi natijasida 407 holatda energiya hamda suv resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etilib, huquqbuzarlardan davlat manfaatlariga yetkazilgan 224,9 million so‘mlik zarar undirilgan.
Bu viloyatdagi muxbirimiz Temur Eshboyevga MIB Navoiy viloyat boshqarmasi katta inspektori Feruza Mamanova ma’lum qildi.
Bundan tashqari, 200 mingga yaqin turar va noturarjoy binolari xatlovdan o‘tkazilganda, elektr, gaz, ichimlik va issiq suv, soliq idoralaridan 25 milliard 384 million so‘m debitor qarzdorlik aniqlanib, kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Manba: xs.uz
