Masjidda besh vaqt namozdan keyin qo‘l berib ko‘rishish joizmi?
Umuman olganda musulmon kishilarning bir birlari bilan uchrashganlarida qo‘l berib ko‘rishishlari sunnat hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bir qancha hadislar vorid bo‘lgani hammamizga ma’lumdir.
Ammo xususan, namozlardan keyingi qo‘l berib ko‘rishish borasida ulamolarning qarashlari quyidagicha:
Bomdod va asr namozlarining ketidan qo‘l berib ko‘rishish shofe’iy mazhabida mubohdir. Shofe’iy olimlaridan imom Navaviy rahmatullohi alayh aytadilar: “Qo‘l berib ko‘rishish sunnatdir. Har safar uchrashganda qo‘l berib ko‘rishish esa mustahabdir. Odamlarning bomdod va asr namozlaridan keyin ko‘rishishni odat qilib olishlarining asli yo‘q bo‘lsa-da, lekin buning zarari ham yo‘qdir. Chunki aslini olganda qo‘l berib ko‘rishish sunnatdir. Odamlarning bu sunnatni ba’zi hollarda qilib, ko‘p hollarda unga beparvo bo‘lishlari esa uni (ya’ni, ba’zida masjidda qo‘l berib ko‘rishishni) shariatda vorid bo‘lgan sunnat ko‘rishishdan chiqarib yubormaydi. U muboh bid’atdir” (bu bid’atdan lug‘aviy bid’at iroda qilingan).
Lekin bizning hanafiy mazhabimizda bomdod va asr namozlaridan keyin masjidda qo‘l berib ko‘rishishni odat qilib olish makruh, deyilgan. Chunki bu amal doim qilinarversa, oddiy namozxonlar namozdan keyin masjidda ko‘rishish ibodatning bir juzi ekan, bu sunnat ekan, deb o‘ylab qolishi mumkin. Bunda ibodat bo‘lmagan narsani ibodatning ichiga kiritib yuborish xavfi vujudga keladi. Bu esa asli lozim bo‘lmagan narsani lozim qilib olishdir.
Sunnatga muvofiq qo‘l berib ko‘rishish esa birinchi uchrashgan paytda bo‘ladi. Ko‘pincha odamlar namozdan oldin qo‘l berib ko‘rishmasdan, balki og‘zaki so‘z bilan uzundan-uzoq (hol-avhol so‘rab,) ko‘rishishgan bo‘ladi. So‘ngra namoz o‘qib bo‘lishganidan keyin (masjidda jamlanib, qator turib olib,) qo‘l berib ko‘rishadilar. Bu ko‘rishish sunnatga muvofiq ko‘rishish emasdir. Lekin agar bir kishi masjidga kirgan paytda odamlar namoz o‘qiyotgan bo‘lishsa yoki o‘qishga kirishayotgan bo‘lishsa, namozdan oldin ular bilan ko‘risha olmaganligi uchun namozdan keyin ular bilan qo‘l berib ko‘rishsa bo‘ladi. Ammo masjiddan chiqqandan keyin yoki chiqayotib qo‘l berib ko‘rishish esa “mo‘min kishilarning uchrashganda qo‘l berib ko‘rishishi sunnatdir” degan qavlga amal qilish hisoblanadi. Qo‘l berib ko‘rishish odobi avval salom beriladi, keyin qo‘l berib ko‘rishiladi. Vallohu a’lam.
Manba: azon.uz
