Kompyuter va telefon o‘yinlari insultga sabab bo‘lmoqda

Kompyuter va telefon o‘yinlari insultga sabab bo‘lmoqda

Nurmuhammad olti yoshda. Keyingi vaqtda qo‘l-oyog‘ini ishlatishi va nutqida buzilish sezilib qoldi. Ota-onasi shifokorlarga har qancha qatnasa-da, kasalning sababini topolmay hayron. Nihoyat bolaga tug‘ma insult tashxisi qo‘yildi.

Hayratdan yoqangizni ushlashingiz tabiiy. Biz odatda bu kasallikni kattalarda bo‘lishiga ko‘nikib qolganmiz. Vaholanki, bu kasallik bolalar orasida ham avj olib borayotgan ekan. Xo‘sh, insult o‘zi nima? Qay holatlarda bolalarda kuzatilishi mumkin? Bunga kompyuter va mobil telefon o‘yinlari ham sababchi bo‘lishi mumkinmi?

Bu savollarga “Spektra Nevrology“ nevrologiya klinikasi direktori, oliy toifali shifokor Alisher To‘rayev shunday javob berdi.

– Bolalar orasida bunday kasallikning ko‘payishiga ekologiyaning o‘zgarib ketgani, ota-onalarda turli, zararli odatlarning ko‘payib borayotgani, bolalar ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi kompyuter o‘yinlari, telefonlar sabab bo‘lmoqda.

Avvallari 50 yoshdan oshgandan keyin insult yoki infarkt kuzatilardi. Hozirda go‘daklar insult bilan tug‘ilmoqda. 15 yoshga kirmasdan infarktga chalinmoqda. Buning asosiy sabablaridan yana biri ko‘p ishlab, kam dam olinmoqda. Ota-bobolarimiz sakkiz soat ishlasa, 16 soat dam olgan. Bizda hozir buning aksi... kompter texnologiyalarining rivojlanishi tufayli bolalar turli o‘yinlarga berilib, vaqtning o‘tganini sezmaydi. Bu jarayonda ularning miyasi zo‘riqib ketadi.

Shuningdek, bolalarning soatlab kompyuter va mobil o‘yinlarni o‘ynab o‘tirishi, gapirmasdan faqat miyani va qo‘lni ishlashi laganevroz kasalini ham keltirib chiqarmoqda. Bunday kasalga chalinganlar orasida 3-18 yoshgacha bo‘lganlar ko‘p. Aslida inson ko‘proq gapirishi, muloqotga kirishishi kerak. Bir vaqtlar Amir Temur bobomiz o‘ziga xos xodimlar tanlaganda turli savollar bergan. Dovdiramasdan, aniq javob berganlarni “bundan yaxshi xodim chiqadi”, deya ishga olgan. Hozir bolalarda nutq buzilib bormoqda.

Aslida har ikkalasi ham bosh miya qon tomirlari kasalliklari bo‘lib, nevrologiyaning eng muhim masalalari qatoriga kiradi. Misol uchun, Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining statistikasi bo‘yicha insultda ro‘y beradigan o‘lim ko‘rsatkichi umumiy o‘lim ko‘rsatkichining 14 foizini tashkil etib, miokard infarkti, rak kasalliklaridan keyin uchinchi o‘rinni egallaydi.

Agar ma’lumotlarga e’tibor qiladigan bo‘lsak, jahonda ushbu xastalik har 100 000 nafar chaqaloqdan 24,7 nafarida kuzatiladi. O‘rtacha har 4000 nafar tirik tug‘ilgan chaqaloqdan bir nafari perinatal insult bilan tug‘iladi. Bu dard o‘g‘il bolalarda 1,5 baravar qizlarga nisbatan ko‘prok kuzatiladi.

Shu bois dunyoda insultning asoratlarini davolaydigan uskunalar, texnologiyalarga bo‘lgan talab oshib bormoqda. Biz ham yaqinda Germaniyadan ana shunday apparat olib keldik. Uch oyda 50 nafar yosh bolalar va 150 nafar katta yoshli bemorlarga ko‘mak ko‘rsatdik. O‘n kunlik muolajadan keyin bemorlarning ahvolida yaxshilanish kuzatilmoqda.

Agarda bolalarni insult (serebrovaskulyar zarba) – miyaning qon aylanish tizimini o‘tkir buzilishi, 24 soat va undan ko‘p davom etuvchi markaziy nerv sistemasi (MNS)ning o‘tkir buzilishidan himoya qilishni istasangiz, eng avvalo ularni turli xildagi kompyuter va telefon o‘yinlaridan himoya qiling. Ana shunda miyaning kuchli zo‘riqishining oldini olgan bo‘lasiz.

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!