Kompaniya saratonga chalingan mijoziga 289 million dollar to‘lab beradi

Kompaniya saratonga chalingan mijoziga 289 million dollar to‘lab beradi

AQShning San-Fransisko shtati sudi 10 avgust, juma kuni Monsanto kompaniyasiga 289 million dollar jarima soldi. Ma’lum qilinishicha, kompaniya pullarni onkologik xastalik bilan kasallangan bemorga to‘lab berishi lozim, deb yozmoqda «Korrespondent.net».

Sud hay’atining fikricha, jabrlanuvchida onkologik xastalikning rivojlanishiga kompaniya ishlab chiqargan begona o‘tlarga qarshi vosita tarkibidagi glifosat gerbisidi sababchi bo‘lgan.

Jabrlanuvchi – 46 yoshda. Avval maktab hovlisining nazoratchisi bo‘lib ishlagan. Ma’lum qilinishicha, jabrlanuvchi yillar davomida kompaniyaning begona o‘tlarga qarshi vositalaridan foydalanib kelgan. Kompaniya ishlab chiqarayotgan vositalari tarkibidagi gerbisidlar saraton xastaligini keltirib chiqarishi mumkinligi haqida mijozlarini ogohlantirmagan. San-Fransisko sudi iyul oyida Monsanto kompaniyasiga qarshi 400 dan ortiq arizani ko‘rib chiqqan.

Mutaxassislar glifosatning inson organizmiga ta’siri borasida tugal fikrga kelmagan. Avvalroq AQShning atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi va Yevropa Ittifoqining qator tashkilotlari gerbisidlarning bu ko‘rinishi onkologik xastaliklarni keltirib chiqarmasligi haqida ma’lum qilgan edi. 2015 yili Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti glifosatning kanserogen bo‘lishi mumkinligi haqida o‘z xulosasini e’lon qilgan.

AQShning Monsanto kompaniyasi gen modifikasiyasi orqali yetishtirilgan urug‘ va gerbisidlarni ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro bozorda yetakchi korxonalardan biri hisoblanadi. 2018 yilning iyunidan boshlab kompaniyaga Germaniyaning Bayer konserni egalik qiladi.

Manba: daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!