Kampirini o‘ldirib qo‘ygan surxondaryolik ​chol: «Yarashib olmoqchi edim, ammo...»

Kampirini o‘ldirib qo‘ygan surxondaryolik ​chol:  «Yarashib olmoqchi edim, ammo...»

2019 yil 15 yanvar sanasida jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tuman sudi binosida sudlanuvchi U.Hamdamov (maqoladagi ism-shariflar o‘zgartirildi)ga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 1955 yilda tug‘ilgan, ma’lumoti o‘rta, pensioner, oilali, yetti farzandning otasi, muqaddam sudlanmagan U.Hamdamov jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatini sodir etgan. Bu haqda Darakchi nashri yozmoqda.

U.Hamdamov 2018 yil 11 dekabr kuni soat 09:00 atrofida turmush o‘rtog‘i V.Hamdamova bilan oldindan davom etib kelayotgan oilaviy kelishmovchiliklar sababli o‘zaro tortishib qoladi. Jahl otiga mingan chol omborxonadan temir bo‘lagini olib chiqib, kampirini urmoqchi bo‘lganida erining vajohatini ko‘rgan ayol jon holatda ko‘chaga qochadi. Ammo sudlanuvchi kampirining omon qolishiga yo‘l bermaydi. U ayolning izidan quvlab yetib olib, qo‘lidagi temir bo‘lagi bilan bosh qismiga bir necha marotaba uradi.

Yarashib olmoqchi edim, ammo...

U.Hamdamov ko‘rsatmasidan:

Kampirim V.Hamdamova bilan 1979 yil turmush qurganmiz. Yetti nafar farzandimiz bor. Ayolim bilan ko‘p yillardan buyon til topisha olmas edik. O‘zaro kelishmovchiliklar sababli 2017 yil alohida xonalarga ko‘chib o‘tib, bo‘lak yashay boshladik. U bilan deyarli gaplashmasdik, bundan farzandlarimizning ham xabari bo‘lgan. Ular bizni yarashtirmoqchi bo‘lganida kampirim unamadi. Rahmatli yomon ayol emasdi. Ammo ayollik vazifalarini to‘la-to‘kis bajarmasdi: osh-ovqatimga qaramasdi, kiyimlarimni ozoda tutmasdi, umuman men bilan ishi yo‘q edi.

O‘sha kuni soat 08:30 larda o‘g‘lim va kelinim bilan birga nonushta qildik. Xonaga kirib kelib, menga ko‘zi tushgan kampirim keyinroq choy ichishini aytib, xona burchagidan joy oldi. O‘g‘lim ishga ketgach, men ham hovliga chiqdim. To‘g‘ri omborxonaga borib, boltaga dasta yasatish uchun mos keladigan temir bo‘lagini olib chiqdim. Birozdan so‘ng payvandchi bilan ko‘rishishim kerak edi. Eshik tomonga ketayotganimda ichkari xonada kampirim choy ichayotgan edi. Tashqarida poyabzali turganini ko‘rib, u bilan gaplashib olish uchun yoniga kirdim. Qo‘limda temir bo‘lagi bor edi. Xotinimga Qachongacha shunday yashaymiz, bolalarning oldida uyalmaysanmi? dedim. U bo‘lsa Siz bilan hech qachon yarashmayman. Boshqasiga uylanishingiz mumkin. Roziman! deb zarda qilib, xonadan chiqib ketdi. Achchig‘im kelib uni to‘xtatmoqchi bo‘lganimda u dod-voy qilib kelinni chaqirdi. Hovliqib kirib kelgan kelinni ko‘rib, kampirimning kiyimini qo‘yib yubordim. U esa oyoqyalang hovliga yugurib chiqdi-da, baqir-chaqir qila boshladi. So‘ng ko‘chaga qarab yugurdi. Uning IIBga borib ustidan shikoyat qilishi mumkinligini o‘ylab, to‘xtatmoqchi bo‘ldim. Avvaliga ortiga qaytishini aytib, baqirdim. Ammo u e’tibor qilmadi. So‘ng ortidan quvlab yetib oldim-da, qo‘limdagi temir bo‘lagi bilan orqa tomonidan boshiga bir marta urdim. Kampirim temir zarbidan hushini yo‘qotib, yerga yiqildi. Ortimdan yetib kelgan kelinim Urmang , deganidan so‘ng o‘zimga kelib, kampirimga tan jarohati yetkazganimni angladim. Shundan keyin uyga kirib, kiyimimni almashtirdim va temir bo‘lagini olib, Qiziriq tumani IIBga yo‘l oldim. Huquqni muhofaza qilish organi xodimlariga bo‘lib o‘tgan voqeani so‘zlab berdim. Kechroq xabar topdim, kamirim shifoxonada jon beribdi. Rosti, bunday bo‘lishini istamagandim.

Ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanuvchi shifoxonaga yetkazilgach, unga birinchi yordam ko‘rsatilgan. Bosh sohasida operasiya o‘tkazilgan. Biroq bemor ko‘p qon yo‘qotgani tufayli uning hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lmagan.

Hammasi ko‘z o‘ngimda sodir bo‘ldi

Sudda so‘ralgan guvoh SH.Mamajonova ko‘rsatmasidan:

Qaynota-qaynonamning o‘zaro munosabatlari o‘tgan bir yil davomida yomonlashdi. Ular bir-biri bilan gaplashmasdi. Qaynotamning ust-boshiga men qarardim. Osh-ovqatini ham men tayyorlab kelganman. Ikkisini yarashtirish uchun ko‘p harakat qildik. Ammo bo‘lmadi. 2018 yil 11 dekabr kuni men, turmush o‘rtog‘im va qaynotam birga nonushta qildik. Qaynonam eri bilan bir dasturxon atrofida o‘tirishni istamagani bois xona burchagida o‘tira turdi. Keyin men turmush o‘rtog‘imni ishga kuzatgani chiqdim. Qaynotam ham xonadan chiqib ketdi. Birozdan so‘ng ichkaridan qaynonamning baqirayotganini eshitdim. Xonaga yugurib kirganimda qaynotam bir qo‘li bilan qaynonamning bilagidan ushlab turardi, ikkinchi qo‘lida esa temir bo‘lagi bor edi. Undan qaynonamni qo‘yib yuborishini so‘radim. Biroq qaynotam Sen aralashma , deb jerkib berdi. Paytdan foydalanib qaynonam qaynotamning qo‘lidan qutuldi-da, hovliga chiqdi. Qaynotam ortidan chiqib, yana qo‘lidan siltalab tortmoqchi bo‘ldi. Shunda qaynonam qo‘shnilarni yordamga chaqirib, baqira boshladi. Tabiiyki, bundan qaynotamning battar jahli chiqdi. Sen hali qo‘shnilarni yordamga chaqirasanmi? debbaqirdi. Qaynonam qo‘rqqanidan Yo‘q, hech kimni chaqirmayman , deb o‘zini ko‘chaga urdi. Qaynotam uning ortidan quvlab ketdi. Chamasi 10-20 metrlar yugurib, qaynonamga yetib oldi. Qo‘lidagi temir bo‘lagi bilan avval qaynonamning beliga urdi. Qaynonam yerga yiqilgach, temir bilan boshiga zarba berdi. Men yetib kelganimda qaynonam hushsiz yotardi. Og‘zi va burnidan qon oqayotgandi. Qo‘rqib ketib, qo‘shnilarni chaqirdim. Ko‘plashib qaynonamni Qiziriq tuman markaziy kasalxonasiga olib bordik.

Qanday jazo tayinlandi?

Sud sudlanuvchi U.Hamdamovga nisbatan jazo turi va miqdorini belgilashda uning aybiga to‘liq iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi va keksa yoshda ekanligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb e’tiborga oldi.

Sudlanuvchi U.Hamdamov JKning 104-moddasi 3-qismi d bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga JKning 104-moddasi 3-qismi d bandi bilan O‘zbekiston Respublikasi JKning 57-moddasini qo‘llab, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!