Jo Bayden AQShning Suriyadagi aviazarbasi sababini ma’lum qildi

Jo Bayden AQShning Suriyadagi aviazarbasi sababini ma’lum qildi

Suriyada eronparast ko‘ngillilar qo‘shinlari AQSh harbiylariga yangi hujumlarni rejalashtirgan. Bu haqda AQSh prezidenti Jo Bayden aytib o‘tdi, deb yozadi «RBK». Davlat rahbari 27 fevral kuni Kongressni amerikaliklar tomonidan Suriya sharqida berilgan aviazarba haqida xabardor qildi. Vakillar palatasi va Senatga yo‘llangan xat matni Oq uy saytida e’lon qilindi.

«Mening buyrug‘im bilan 2021 yil 25 fevral kuni AQSh Qurolli Kuchlari sharqiy Suriyada Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi nodavlat ko‘ngillilar qo‘shinlari foydalangan infratuzilmaga zarba berdi», — deyiladi unda.

Ushbu guruhlar yaqinda Iroqda AQSh va koalisiya harbiy xizmatchilariga uyushtirilgan hujumlarga aloqador bo‘lgan, ulardan biri 2021 yil 15 fevral kuni amalga oshirilgan, oqibatda bir necha kishi yaralangan edi, dedi Amerika yetakchisi. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, yangi hujumlarga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Suriyada amalga oshirilgan zarbadan keyin Pentagonda ma’lum qilishlaricha, harbiylar Iroq razvedka ma’lumotlariga tayangan. U yerdagi hujumni ko‘ngillilar qo‘shinlarining xatti-harakatlariga munosib javob deb atashdi.

Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Jon Kirbining so‘zlariga ko‘ra, aviahujum ikkita F-15 qiruvchi samolyotlari yordamida Iroq bilan chegarada joylashgan Abu-Kamol shahri yaqinidagi ko‘ngillilar qo‘shini ob’ektlariga uyushtirilgan. Natijada to‘qqizta ob’ekt yo‘q qilingan, yana ikkitasi kuchli zarar ko‘rgan. Shuningdek, Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘ngillilar qo‘shinlari talafot ko‘rgan, ammo raqamlar keltirilmadi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Vashington Moskvani Suriyaga uyushtiriladigan hujum haqida bor-yo‘g‘i besh daqiqa avval ogohlantirganini ma’lum qildi. Rossiya TIV ushbu hujumni qoraladi.

AQSh Harbiy-havo kuchlari zarbasidan keyin Bayden Eronni uning xatti-harakatlari jazosiz qolmasligi haqida ogohlantirdi.

Eslatib o‘tamiz, 26 fevralga o‘tar kechasi AQSh Suriyada Damashqni qo‘llab-quvvatlovchi eronparast ko‘ngillilar qo‘shini bilan bog‘liq binoga aviazarba berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, zarba mudofaa xususiyatiga ega bo‘lgan va fevral oyida ko‘ngillilar qo‘shini tomonidan Amerika harbiylariga uyushtirilgan uchta hujumga javob bo‘lgan.

Shundan keyin Eron AQShning Yaqin Sharqdagi harakatlari mintaqadagi zo‘ravonlikni kuchaytirishi mumkinligidan xavotir bildirdi. AQShning Suriyadagi Eronga aloqador ob’ektlarga havo zarbasini berishi mintaqadagi zo‘ravonliklarni yanada kuchaytirib yuborishi mumkin, dedi Eron prezident apparati huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi xalqaro loyihasining direktori Diako Husayniy.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!