Istanbuldagi Ispaniya Superkubogi: chiptalar savdosi boshlandi
2027 yilgi Turkish Airlines Ispaniya Superkubogi (Supercopa de España) uchun sanoqli kunlar qoldi. Ispaniyaning yetakchi klublari - “Real Sosyedad”, “Real Madrid”, “Barselona” va “Atletiko Madrid” 2-6 fevral kunlari Istanbulda o‘zaro kuch sinashadi.
Formula 1® Turkiya Gran-prisi va Yevropa o‘yinlari qatorida ushbu nufuzli turnir ham Istanbulning 2027 yilgi sport taqvimidan joy oladi. Musobaqa butun dunyodagi futbol muxlislariga yuqori saviyadagi futbolga boy, unutilmas onlarni taqdim etadi. 2027 yilning dastlabki yirik futbol tadbiriga chipta xarid qilmoqchi bo‘lgan muxlislar www.supercopa2027.com saytiga murojaat qilishlari mumkin. Chiptalar allaqachon sotuvda.
Musobaqada La Ligani dastlabki ikki o‘rinda yakunlagan jamoalar hamda Ispaniya Kubogi (Copa del Rey) finalchilari ishtirok etadi. Yarim final bahslarida amaldagi chempion “Barselona” “Atletiko Madrid”ga qarshi, “Real Sosyedad” esa “Real Madrid”ga qarshi maydonga tushadi.
Turkiya 2027 yilgi turnirga ilk bor mezbonlik qiladi. Hayajonga boy besh kun davomida muxlislar Istanbuldagi uchta yetakchi stadionda o‘tkaziladigan uchta muhim uchrashuv - ikki yarim final va katta final bahsiga guvoh bo‘ladilar.
Ispan futbolining eng yirik jamoalari Istanbulda uchrashadi
To‘rt jamoa ishtirokida nokaut tizimida har yili o‘tkaziladigan Turkish Airlines Ispaniya Superkubogi doirasida La Ligani dastlabki ikki o‘rinda yakunlagan jamoalar Ispaniya Kubogi finalchilari bilan kuch sinashadi. Ushbu formatga ko‘ra, 2 fevral kuni Shukru Saracho‘g‘li sport majmuasida “Barselona” va “Atletiko Madrid” o‘rtasidagi ilk yarim final bahsi bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni esa Beshiktosh stadionida “Real Sosyedad” va “Real Madrid” ikkinchi yarim final uchrashuvida maydonga tushadi.
Yarim final g‘oliblari 2027 yil 6-fevral kuni Ali Sami Yen sport majmuasida bo‘lib o‘tadigan katta finalda kuch sinashadilar. Ushbu uchta mashhur stadionda o‘tkaziladigan turnirga jami 150 000 dan ortiq tomoshabin tashrif buyurishi kutilmoqda.
Istanbul: futbol va boqiy joziba uyg‘unlashgan shahar
Istanbul yirik xalqaro futbol musobaqalariga mezbonlik qilish borasida katta tajribaga ega. Shahar 2005 va 2023 yillarda UEFA Chempionlar ligasi finallarini, shuningdek, 2026 yilda UEFA Yevropa ligasi finalini muvaffaqiyatli o‘tkazgan. 2027 yilgi Turkish Airlines Ispaniya Superkubogi doirasida Ispaniyaning to‘rt nufuzli futbol klubini qabul qilishi esa ushbu tarixdagi yana bir muhim voqea bo‘ladi. Bu, ayni paytda, Istanbulning jahon miqyosidagi yirik sport markazi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.
Turkish Airlines Ispaniya Superkubogini tomosha qilish uchun Istanbulga keladigan futbol muxlislari besh kunlik tashrifini unutilmas shahar sayohatiga aylantirishlari mumkin. Zero, tarix nafasi ufurib turadigan, gastronomik lazzatlar va ko‘ngilochar tadbirlarga boy bu shaharning har bir go‘shasida o‘ziga xos mo‘jiza yashiringan. Mehmonlar maydondagi hayajondan tashqari, Istanbulning mashhur tarixiy obidalarini tomosha qilishlari, Bosfor bo‘ylab sayohatga chiqishlari, xarid qilish zavqidan bahramand bo‘lishlari hamda shaharning Yevropa va Osiyo qismlaridagi o‘ziga xos muhitni his etishlari mumkin.
Istanbul har qanday didga mos taomlarga boyligi va jahon gastronomiya poytaxtlaridan biri ekanini yana bir bor namoyon qiladi. Shahardagi o‘nlab restoranlar MICHELIN Guide ro‘yxatidan joy olgan.
Istanbuldagi Turkish Airlines Ispaniya Superkubogi Turkiyaning Madaniyat va turizm hamda Yoshlar va sport vazirliklari, Saudiya Arabistoni Qirolligining Ko‘ngilochar tadbirlar bosh boshqarmasi, Ispaniya Qirollik futbol federasiyasi (RFEF), Turkiya futbol federasiyasi (TFF), Sela Events va Hezarfen Ajans hamkorligida tashkil etiladi.
