Istanbulda o‘z organlarini noqonuniy pullamoqchi bo‘lishgan Markaziy osiyoliklar qo‘lga olindi

Istanbulda o‘z organlarini noqonuniy pullamoqchi bo‘lishgan Markaziy osiyoliklar qo‘lga olindi

Turkiya tirik donorlar organlarining transplantasiyasi bo‘yicha dunyoda yuqori uchlikka kirishi aytiladi.

Turkiyaning Anadolu axborot agentligining xabar berishicha, dastlab bu ish bilan aloqadorlikda jami 18 kishi gumon etilgan. Ularning orasida Nigeriya, Uganda, Gruziya, Rossiya, Ukrainadan tashqari, Qirg‘iziston va Turkmaniston fuqarolari borliklari ko‘rilgan.

Bunga «Etika yoki axloq qo‘mitasi»ga murojaat qilgan 18 shaxsning shubhali ko‘rsatmalari sabab bo‘lgan. Ular qo‘mitaga o‘zlarini organ transplantasiyasiga muhtoj insonlarning yaqinlari, deb tanishtirishgan. Buning ortidan, Turkiyaning Noqonuniy odam savdosiga qarshi kurash boshqarmasi o‘z tergovini boshlagan. Agentlikning yozishicha, tergov jarayonida bu shaxslarning ko‘rsatmalari yolg‘on bo‘lib chiqqan.

Ularning organ transplantasiyasiga muhtoj odamlarga hech bir aloqasi bo‘lmagan, o‘z organlarini pullamoqchi bo‘lishgani ayon bo‘lgan.

Ammo qaysi organlarini kimga, qanchaga va qanday sotmoqchi bo‘lganliklari tafsilotlari hozircha noaniq.

Tergov ortidan, ularning sakkiz nafari qo‘yib yuborilgan, qolganlari mahkama qarshisida hozir bo‘lishgan. O‘n kishidan beshtasi ehtiyot chorasi sifatida hibsga olingan, qolganlaridan chetga chiqmasliklari haqida tilxat olingan.

Ammo agentlik xabarida bu shaxslarning yoshi, jinsi, Turkiyaga qay yo‘l bilan kelishgani, qayerdan qo‘nim topishgani va ijtimoiy kelib chiqishlariga oid boshqa biror bir ma’lumot ochiqlanmagan.

Agentlikning yozishicha, so‘nggi yillarda organ transplantasiyasi uchun ko‘plab chet elliklar ham Turkiyani tanlashga o‘tishgan.

Ma’lum bo‘lishicha, birgina 2018 yilda Turkiyada 4171 ta jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan, bemorlarga tirik donorning buyragi va jigari ko‘chirib o‘tqazilgan.

Bu amaliyotlarning olti yuzga yaqini chet elliklar hisobiga to‘g‘ri kelgan, deb yozadi agentlik.

"Anadolu" ga ko‘ra, Turkiya bundan keyin ham mazkur sohani yanada rivojlantirmoqchi, tibbiy turizmdan ko‘rayotgan foydasini bundan-da ko‘paytirmoqchi.

Turkiyaga organ transplantasiyasi umidida kelayotganlar orasida Yevropa, Osiyo, Afrika davlatlari va hatto Amerika fuqarolarining ham borliklari aytiladi.

Turli jarrohlik amaliyotlari yoki boshqa og‘ir xastaliklardan davolanish uchun Turkiyani maqbul ko‘rayotgan Markaziy osiyoliklarning soni ham so‘nggi yillarda jiddiy ortib borayotgani kuzatiladi.

Bugun Turkiya dunyoning eng katta sondagi o‘zbekistonliklar turli yumush, tahsil yoki boshqa sabablar bilan muhojiratga yuz tutgan to‘rtta davlatidan bittasi sanaladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!