Hindiston armiyasi shtab boshlig‘i O‘zbekistonga birinchi marta tashrif buyurdi

Hindiston armiyasi shtab boshlig‘i O‘zbekistonga birinchi marta tashrif buyurdi

Kecha Hindiston Qurolli kuchlari Quruqlikdagi qo‘shinlari shtab boshlig‘i general Manoj Pandening O‘zbekistonga to‘rt kunlik tashrifi boshlandi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.

Hindiston armiyasining yuqori martabali vakili O‘zbekiston Mudofaa vazirligida qabul qilindi.

O‘zbekiston mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov bilan uchrashuv doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy hamkorlik istiqbollari, shuningdek, bugun "Termiz" poligonida boshlangan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari beshinchi bosqichining borishi muhokama qilindi.

Shundan so‘ng, Hindiston delegasiyasi a’zolari O‘zbekiston Qurolli Kuchlari davlat muzeyida bo‘lib, u yerdagi tarixiy eksponatlar bilan tanishdi.

General Manoj Pande tashrif doirasida O‘zbekiston Qurolli kuchlari akademiyasida Hindiston ko‘magida tashkil etilgan axborot texnologiyalari laboratoriyasining ochilish marosimida ishtirok etishi kutilmoqda. U "Termiz" poligonida o‘tkazilayotgan "Do‘stlik-2024" beshinchi O‘zbekiston-Hindiston harbiy mashg‘ulotlarini kuzatadi va ko‘hna Samarqandga tashrif buyuradi.

Hindiston Qurolli Kuchlari armiyasi generali, shuningdek, Toshkentda Hindistonning sobiq Bosh vaziri Lal Bahodur Shastri xotirasiga hurmat bajo keltiradi va G‘alaba bog‘ini ziyorat qilib, O‘zbekistonning Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga qo‘shgan munosib hissasini qayd etadi.

Hindiston ommaviy axborot vositalari general Manoj Pandening O‘zbekistonga tashrifi Toshkent va Dehli o‘rtasidagi mudofaa sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lishini ta’kidlamoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!