Haydovchilar nag‘masi: “Hujjatlarim yo‘q, lekin qoida buzmadim-ku”

«Komandir men qoida buzmadim, faqat hujjatlarim yonimda emas», «Xo‘p, komandir, hujjatlarim yonimda bo‘lmasa, o‘zimning mahallamda yuribmanku” kabi fikrlar ko‘pincha haydovchilar tomonidan YPX xodimlariga bildiriladi, deydi Toshkent viloyati IIB YHX boshqarmasi vakili.
Toshkent viloyati IIB YHX boshqarmasi tomonidan viloyat hududida yo‘l-transport hodisalarini oldini olish, harakat xavfsizligini ta’minlash borasida bir qator profilaktik reydlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Olib borilayotgan profilaktik chora-tadbirlarga qaramay, ayrim haydovchilar spirtli ichimlik iste’mol qilib yoki tegishli hujjatlarsiz transport vositasini boshqarayotganliklari aniqlanmoqda.
O‘z navbatida, yo‘l-transport hodisalarini barvaqt oldini olish maqsadida viloyat hududida maxsus reyd tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirildi.
Jumladan, joriy yilning 26 iyul kuni Chinoz tumani va Yangiyo‘l shahrida o‘tkazilgan tadbirlar davomida jami 138 nafar haydovchi transport vositalarini tegishli hujjatlarsiz boshqargan va 6 nafar haydovchi spirtli ichimlik iste’mol qilgan holatda transport vositalarini boshqarganliklari aniqlanib, transport vositalari vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Profilaktik reyd tadbiri davom etmoqda.
Manba: uza.uz