Haydovchi YHX xodimiga pora taklif qildi

Haydovchi YHX xodimiga pora taklif qildi

...Voqeaning bunday tus olishini kutmagan xodim bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i nomiga bildirgi kiritib, voqea tafsilotlarini ma’lum qiladi...

Surxondaryo viloyatida yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya etmaganlik uchun qat’iy jazo qo‘llanilayotganidan ayrim shaxslarning qonunni chetlab, o‘z manfaati yo‘lida foydalanib qolishga harakat qilayotgani yoki qoidabuzarni chuv tushirmoqchi bo‘layotgani bilan bog‘liq turli holatlar ham fosh etilmoqda.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari Muzrabot tumani Yangi diyor mahallasi hududidagi 4R-110 avtomobil yo‘lida o‘tkazilgan tadbir chog‘ida toychoqdek yelib kelayotgan “Lasetti” rusumli avtomashinani to‘xtatib, haydovchidan tegishli hujjatlarni taqdim etishni so‘raydi. Haydovchi o‘zini Denov tumani Lochin mahallasida yashovchi N.A. deb tanishtirib, avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi va avtomashinaga tegishli hujjatlarni taqdim eta olmaydi. Shu yerda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, “mehmon”ning “Lasetti”si vaqtincha saqlash uchun o‘rnatilgan tartibda jarima maydoniga joylashtiriladi. Shundan so‘ng haydovchi N.A. ichki ishlar idorasi xodimiga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmaslik hamda avtomashinasini jarima maydonidan shu kuni chiqarib berish sharti bilan yuz ming so‘m pulni pora sifatida berishni taklif etadi.

Voqeaning bunday tus olishini kutmagan xodim bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i nomiga bildirgi kiritib, voqea tafsilotlarini ma’lum qiladi. Xizmat vazifasini bajarayotgan xodimni pul bilan “siylamoqchi” bo‘lgan haydovchiga qonuniy chora ko‘rishni so‘raydi. Mazkur bildirgiga asosan shu kuni tushdan so‘ng viloyat ichki ishlar boshqarmasi va Angor tumani prokuraturasi hamkorligida Muzrabot tumani Muzrabot Darvoza mahallasi hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirda haydovchi N.A. ichki ishlar idorasi xodimi P.X.ga 96 ming so‘m pulni pora sifatida berayotganida ashyoviy dalil bilan ushlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirildi. 

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Termiz tumanida yashovchi S. Nodirov (ism-shariflar o‘zgartirildi) viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i nomiga yozgan arizasida “Damas” rusumli avtoulovini spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda boshqarib yurganida yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan to‘xtatilgani, ma’muriy bayonnoma tuzilgani va avtoulov jarima maydoniga joylashtirilgach, Oltiboy ismli shaxs unga yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limida ishlovchi tanishlari orqali mazkur bayonnomani kelgusida sudga yubormasdan yo‘q qilish, avtoulovini jarima maydonidan chiqarib berish evaziga 6 million so‘m pul talab qilganini bayon etadi. Qonunni mensimay o‘zini “ich kuyar” qilib ko‘rsatgan shaxsga tegishli chora ko‘rishni so‘raydi.

Murojaat yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida arizada ko‘rsatilgan “Oltiboy” ismli shaxs telefon orqali S.Nodirovga Termiz shahar ichki ishlar bo‘limi YHXB binosi oldiga borib, o‘sha yerda R.Qulliyev ismli shaxsga kelishilgan pullarni berishini, keyin o‘zi avtoulovini jarima maydonidan chiqarib, unga nisbatan tuzilgan ma’muriy bayonnomani yo‘q qilishini aytadi. Shu kuni soat 18:40 larda Termiz shahrida yashovchi R.Qulliyev ariza muallifidan kelishilgan 6 million so‘m pulning 3 million so‘mini viloyat markazidagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi binosi orqa tomonida fuqaro A.Ilyosov boshqaruvidagi “Matiz” rusumli avtomashinada olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olinadi.

Dastlabki surishtiruv chog‘ida R.Qulliyev Oltiboy ismli tanishi haqiqatan ham unga telefon qilgani, S.Nodirovning 6 million so‘m pulini olib, avtomashinasini jarima maydonidan chiqarib berishda yordam ko‘rsatishini aytganini ma’lum qildi. Shuningdek, spirtli ichimlik iste’mol qilib, transport vositasini boshqargan S. Nodirovga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 131-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma tuzilgani ham aniqlandi.

Ayni paytda “Oltiboy” ismli shaxsning shaxsini aniqlash choralari ko‘rilib, tergovga qadar tekshiruv-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!