“Harbiylar — davlat mulki”: Ukraina armiyasida norozilik
Ukraina harbiylari armiyada rejalashtirilayotgan islohotlar bo‘yicha davlat va’dalariga ishonmayapti. Bu haqda "Financial Times" Ukraina Qurolli kuchlarining nomi oshkor etilmagan harbiy xizmatchilariga tayanib xabar berdi.
Avvalroq Ukraina mudofaa vaziri Mixail Fyodorov UQKda yangi shartnoma tizimi joriy etilishini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, shartnoma muddati tugaganidan keyin harbiy xizmatchiga safarbarlikdan kechiktirish huquqi beriladi — xizmat muddati qancha uzoq bo‘lsa, kechiktirish davri ham shuncha uzoq bo‘ladi.
“Bir necha askar "Financial Times"ga islohot yillar davomida jang qilganlarga deyarli hech narsa bermaganini va davlat o‘z va’dalarini bajarishiga shubha qilayotganini aytdi”, — deb yozadi nashr.
FT ta’kidlashicha, va’da qilingan islohotlar, ayniqsa, 2022 yilda yoki undan oldin xizmatga kirgan harbiylar orasida tanqidga uchragan. Ular uchun asosiy muammo — xizmat muddati va demobilizasiya masalasida aniq kafolatlar yo‘qligi.
Nashr suhbatlashgan harbiylardan biri fuqarolik hayotida harbiy xizmatchilariga “davlat mulki” sifatida qaralishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ish beruvchilar harbiylarni ishga qabul qilishga shoshilmaydi.
Fedorov avvalroq Ukraina jamiyatida safarbarlik jarayonidan norozilik borligini tan olgan. Ukrainaning “Strana.ua” nashri esa ukrainalik harbiy Kiyev markazida piket o‘tkazib, UQKdagi “qullik sharoitlari”dan shikoyat qilganini xabar qilgan edi.
U, xususan, xizmat muddatini aniq belgilash va demobilizasiya imkoniyatini joriy etishni talab qilgan.
Ukrainada safarbarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun 2024 yil 18 mayda kuchga kirgan. Biroq unda harbiy xizmatdan bo‘shatish muddatlari ko‘rsatilmagan.
