G‘ofur Rahimov Olimpia qo‘mitasi mehmoni bo‘ldi
Xalqaro havaskor boks assosiasiyasi (AIBA) Prezidenti vazifasini bajaruvchi G‘ofur Rahimov O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi.
"Uznews.uz"ning xabar berishicha, martabali mehmonni Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov kutib oldi.
Uchrashuv davomida tomonlar yurtimizda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat tomonidan qaratilayotgan e’tibor va boshqa bir qator masalalar yuzasidan fikr almashishdi.
“Siz AIBA rahbari vazifasini bajaruvchi bo‘lgangizdan so‘ng tashkilotda katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Avvallari boks ichida muttahamliklarni ko‘p kuzatganmiz. Bu haqida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Tomas Bax ham aytib o‘tgandi. Siz tashkilot tepasiga kelganingizdan so‘ng AIBA har tomonlama o‘zgara boshladi”, – dedi Umid Ahmadjonov.
“Mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyev sportga shunday e’tibor qaratyaptimi, uning ishonchini oqlab, yangi g‘alabalar, oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish lozim”, – dedi G‘ofur Rahimov.
Umid Ahmadjonov ham uning so‘zlarini tasdiqladi va mamlakatimizda sport tizimida yuz berayotgan o‘zgarishlar haqida gapirib berdi.
“Ko‘rsatilgan ehtirom va hurmat uchun O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga chuqur minnatdorchiligimni izhor qilmoqchiman. Hamkorligimiz muvaffaqiyatli va istiqbolli bo‘lishiga ishonchim komil”, – dedi AIBA Prezidenti vazifasini bajaruvchi G‘ofur Rahimov.
Uchrashuv yakunida Umid Ahmadjonov Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan martabali mehmonga esdalik sovg‘asini taqdim etdi.
