Evropada oltita yo‘lovchi samolyoti bomba tahdidiga uchradi
5 noyabr kuni Yevropada oltita yo‘lovchi samolyoti bortida portlovchi qurilma borligi haqida xabarlar kelib tushdi. Tahdidlar sabab ayrim reyslar boshqa aeroportlarga yo‘naltirildi.
Reuters agentligi bergan xabarga ko‘ra, bomba qo‘yilgani haqidagi ogohlantirishlar ortidan uchta yo‘lovchi samolyoti Bolgariya aeroportlariga, yana biri Belgiya poytaxti Bryusselga qo‘ngan.
Shuningdek, Finlyandiyaning Xelsinki shahridan Italiya poytaxti Rimga yo‘l olgan Finnair aviakompaniyasi samolyotiga ham portlovchi qurilma borligi haqida tahdid kelib tushgan. Samolyot Italiya harbiy-havo kuchlari kuzatuvida Rim aeroportiga xavfsiz qo‘ngan.
Irlandiyaning Aer Lingus aviakompaniyasiga tegishli Dublin–Rim yo‘nalishidagi samolyot esa bomba tahdidi sabab Fransiyadagi Evryo harbiy aerodromiga yo‘naltirilgan.
Fransiya hukumati samolyot xavfsiz qo‘nganini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng tegishli xavfsizlik xizmatlari tomonidan tekshiruvlar o‘tkazilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kelib tushgan tahdidlarning birortasi tasdiqlanmagan, samolyotlarda portlovchi qurilmalar aniqlanmagan.
Hodisalar Yevropaning bir nechta mamlakatida bir vaqtning o‘zida aviasiya xavfsizligi choralarini kuchaytirishga sabab bo‘ldi.
Hozircha tahdidlarni kimlar yuborgani va ular o‘zaro bog‘liq yoki bog‘liq emasligi haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
