Evropa davlatlari Isroil vaziriga jazo talab etmoqda
Italiya hukumati xalqaro huquqqa zid harakatlar qilgan Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirga nisbatan sanksiya joriy etish borasida Yevropa Ittifoqiga so‘rov yubordi.
«Italiya hukumati nomidan men YEIning oliy vakili Kaya Kallasdan YEI tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi muhokamasiga Isroil milliy xavfsizlik vaziri Ben-Gvirga qarshi sanksiya joriy etish masalasini kiritishni rasman so‘radim. Bunga uning flotiliyaga qarshi nomaqbul harakatlari – xalqaro suvlar hududida faollarni qo‘lga olgani hamda ularni ta’qib va kamsitishlarga duchor qilgani sabab bo‘ldi. Bu asosiy inson huquqlarining buzilishidir», – deb bayonot berdi Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani.
Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirning o‘zi tomonidan e’lon qilingan videolavhada gumanitar halokat yoqasidagi G‘azo sektoriga ko‘mak maqsadida yo‘l olgan «Sumud» flotiliyasi faollari tiz cho‘ktirilgan holda tahqirlangani aks etgan. Ben-Gvir ayol kishiga kuch ishlatgani ham ko‘rinadi.
Gap shundaki, joriy yil 14 may kuni Turkiyaning Marmaris portidan yo‘lga chiqqan «Sumud» flotiliyasi 18 may kuni Isroil harbiy-dengiz kuchlari tomonidan xalqaro suvlar hududida to‘xtatilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil harbiylari 40 dan ziyod davlat vakili bo‘lgan 428 kishini ushlagan. Ular orasida Italiyaning 32 nafar fuqarosi ham bor.
«Go‘yoki do‘st va ittifoqchi bo‘lgan mamlakat xavfsizlik kuchlari tomonidan Italiyaning o‘ttiz ikki nafar fuqarosi, jumladan, bir nafar parlament a’zosi kaltaklandi, jismoniy va ruhiy kamsitishlarga duchor qilindi. Shu bilan birga, himoya qilish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri rasmiy so‘rovlar ham e’tiborsiz qoldirildi. Bu esa o‘zini oz bo‘lsa-da qadrlaydigan har qanday hukumatning sabr kosasini to‘ldiradigan holatdir», – deya holatga munosabat bildirgan Italiyadagi «Besh yulduz harakati» deputatlari.
Kanada, Turkiya, Qatar, Polsha, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Ispaniya, Fransiya kabi davlatlar ham Isroil vazirining xatti-harakati yuzasidan norozilik bildirgan.
Politico nashri yozishicha, YEIning yana bir qator davlatlari Isroil vaziriga jazo qo‘llash tarafdori. Ammo Chexiya hukumati yahudiy davlati vazirlariga qarshi sanksiyalarni bloklashga va’da bergan.
Binyamin Netanyahu ma’muriyatida milliy xavfsizlik vaziri lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Itamar Ben-Gvir Falastin xalqiga qarshi radikal bayonotlari bilan otning qashqasidek tanilgan. Jumladan, u G‘azo sektoridagi 2,3 million aholini boshqa hududlarga surgun qilishni targ‘ib qilib keladi.
Ben-Gvir joriy yil mart oyida Isroil parlamentida qabul qilingan va xalqaro hamjamiyat tomonidan «diskriminasiya va irqchilikka asoslangan zo‘ravonlik» deb qoralangan, falastinliklarga nisbatan o‘lim jazosini qo‘llashga doir qonunning ham asosiy tashabbuskorlaridan biri sanaladi.
O‘tgan yili Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Norvegiya Itamar Ben-Gvir hamda uning radikal qarashli hamkasbi, moliya vaziri Besalel Smotrichga qarshi sanksiya joriy qilgan edi.
«Itamar Ben-Gvir va Besalel Smotrich isroilliklarni zo‘ravonlik, ekstremistik harakatlarga hamda falastinliklar haq-huquqlarini jiddiy ravishda buzishga undab kelmoqda. Falastinliklarni zo‘rlik bilan ko‘chirish va (Falastin yerlarida) yangi yahudiy manzilgohlarini barpo etishga qaratilgan ekstremistik chaqiriqlar dahshatli va xavflidir. Bunday harakatlarni qabul qilib bo‘lmaydi», – deyiladi besh davlat tashqi ishlar vazirlari bayonotida.
2024 yili Axios nashri AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Isroil vazirlari Ben-Gvir va Smotrichga nisbatan sanksiya qo‘llash imkoniyatini muhokama qilgani, ammo pirovardida bunga jur’at qilmagani haqida xabar bergandi.
