Erdo‘g‘an Qoshiqchining o‘limidagi sirlarni ochishni talab qildi

Erdo‘g‘an Qoshiqchining o‘limidagi sirlarni ochishni talab qildi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi avvaldan puxta rejalashtirilgani haqida gapirdi. Bu haqda Kun.uz The Guardian'ga tayanib xabar bermoqda.

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, bu qotillik Qoshiqchi Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulxonasiga tashrif buyurishidan bir necha kun oldinroq rejalashtirilgandi. Uning aytishicha, bu qotillik amalga oshirilishida Saudiya Arabistonidan kelgan ikki guruh ishtirok etgan.

Birinchi guruh 3 kishidan iborat bo‘lgan, ular qotillik kunidan bir necha kun oldin Turkiyaga kelib, Istanbuldan 88 kilometr masofadagi Belgrad o‘rmonida kuzatuv ishlarini olib borishgan. Taxmin qilinishicha, ular Qoshiqchining jasadi bo‘laklarini yashirish uchun joy izlashgan. 15 kishidan iborat bo‘lgan ikkinchi guruh 2 oktyabr kuni, qotillik amalga oshirilgan kunda Istanbulga kelgan. Mutaxassislar kuzatuv kameralarini o‘chirishgan, qattiq disklarni olishgan va yozuvlarni o‘chirishgan. Bu guruh tarkibida generallar va boshqa amaldorlar ham bo‘lgan.

Turkiya prezidenti bu hodisani shafqatsizlik va qoloqlik deb baholadi hamda Saudiya Arabistoni hukumatidan jurnalistning o‘limi bo‘yicha savollarga javob berishni talab qildi.

U Istanbuldagi qotillik uchun javobgarlar topilib, Istanbulda sudga tortilishi kerakligini ta’kidladi.

Shu bilan birgalikda, Erdo‘g‘an bu qotillikdan bexabar bo‘lganini aytayotgan Saudiya Arabistoni qiroli Salmon ibn Abdulaziz Ol Saudning so‘zlari rostligiga shubha qilmasligi, hozirda asosiy masala qotillikni kim buyurtma qilganini aniqlash ekanini aytib o‘tgan.

Erdo‘g‘an jurnalist o‘limi to‘g‘risidagi barcha haqiqatlarni fosh etishga va’da bergan.

Saudiya hokimiyatini tanqid ostiga olib kelgan jurnalist Jamol Qoshiqchi 2 oktyabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligi binosiga kirib ketganidan keyin izsiz g‘oyib bo‘lgandi.

17 oktyabr kuni ommaviy axborot vositalari jurnalist konsullik binosida qiynoqqa tutilgani va boshi tanasidan judo qilinganini xabar qilishdi. Uni so‘roq qilish chog‘ida bosh konsul o‘zi ham ishtirok etgani taxmin qilindi.

20 oktyabr kuni Saudiya Arabistoni hukumati jurnalistning o‘limini tasdiqladi. Lekin Saudiya Arabistoni bosh prokuraturasi ma’lumotida, konsulxonada janjal kelib chiqishi oqibatida jurnalistni bexosdan o‘ldirib qo‘yishgani aytilgandi.

Manba: azon. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!