EI 2035 yildan benzinli avtomobillarni taqiqlashdan voz kechdi
Evropa Ittifoqi ichki yonish dvigatelli avtomobillarni to‘liq taqiqlash rejalarini amalda bekor qildi. Bryusselda bo‘lib o‘tgan keskin muzokaralardan so‘ng 2035 yildan SO₂ chiqindilarini 100 foizga qisqartirish talabi olib tashlandi. Uning o‘rniga avtosanoat uchun yumshoqroq maqsad — chiqindilarni 90 foizga kamaytirish belgilanadi. Bu esa benzin va dizelli avtomobillar cheklangan hajmda bo‘lsa-da, YEI bozoriga chiqishda davom etishini anglatadi.
Evropa xalq partiyasi fraksiyasi rahbari Manfred Veberning tasdiqlashicha, hatto 2040 yildan keyin ham Yevropa Ittifoqida ichki yonish dvigatelli yangi avtomobillar ishlab chiqarish to‘liq taqiqlanmaydi.
Veberning aytishicha, mazkur qaror Germaniyada hozir ishlab chiqarilayotgan barcha turdagi dvigatellarni ishlab chiqarishni davom ettirish imkonini beradi. Xaridorlar uchun esa tanlov saqlanib qoladi: 2035 yildan keyin ham yangi ichki yonish dvigatelli avtomobillarni, shuningdek, ishlatilgan mashinalarni sotib olish mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, ayrim masalalar hali ham aniq emas. Xususan, Bryusselda «ichkі yonish dvigatellari uchun 10 foizlik oyna» nima ekani — avtomobillar ulushimi yoki umumiy chiqindilar hajmimi — muhokama qilinmoqda.
«Asosiysi — texnologik jihatdan ochiq va pragmatik yondashuv bo‘lib qolmoqda. U jahon tendensiyalarini hisobga oladi va Yevropada sanoat qo‘shimcha qiymatini saqlab qolishga xizmat qiladi», — dedi BILD nashriga Germaniya avtosanoatchilari uyushmasi rahbari Hildegard Myuller.
ZDF Politbarometer so‘rovi natijalariga ko‘ra, Germaniya fuqarolarining 63 foizi 2035 yildan keyin ham benzin va dizel dvigatelli yangi avtomobillarga ruxsat qoldirilishi kerak, deb hisoblaydi.
