Dunyodagi eng chuqur va sirli g‘or O‘zbekistonda... mi?

Dunyodagi eng chuqur va sirli g‘or O‘zbekistonda... mi?

O‘zbekiston tabiati mo‘’jizalarga boy. Ayniqsa Boysuntog‘, Hisortog‘ tizmalari bag‘rida joylashgan g‘orlar sir-sinoatga to‘la.

Ulardan biri Boysun tumanidagi Cho‘lbayir tog‘ tizmasidagi Boybuloq g‘oridir. Nafaqat yurtimizda, balki Osiyo mintaqasida eng chuqur hisoblangan mazkur manzil haqida BBC maqola e’lon qildi. E’tiboringizga undan ayrim qaydlarni havola etamiz.

Salkam 50 yil oldin Mustafoqul Zokirov suv topish ilinjida o‘z go‘shasini tark etdi. U yashayotgan qishloq O‘zbekistonning eng olis burchagida bo‘lib, qurg‘oqchiliqdan aziyat chekayotgan edi...

Mustafoqulning bedarak ketishi Buyuk Ipak yo‘lining qadimiy shaharlari, bepoyon kengliklari bilan mashhur Markaziy Osiyoga tadqiqotchilarni jalb qilgan kashfiyotga sabab bo‘ldi.

Bu kashfiyot - Boybuloq g‘oridir. Dunyoda eng kam o‘rganilgan, sinoatli Boybuloq Osiyoning eng chuqur g‘ori hisoblanadi. Uning chuqurligi 1ming 454 metrni tashkil etadi.

Boybuloq qa yetib borish asabi zaiflar uchun emas. Sovet davridan qolgan yo‘ltanlamas UAZda yetti soatlik ajoyib safar Dehibolo qishlog‘igacha davom etadi. Dexibolo ning ma’nosi eng baland qishloq degani.

Bir tomonda tog‘lar bulutlar orasida g‘oyib bo‘lsa, haydovchining kichik xatosi evaziga manaman degan jarlar aniq halokatni va’da qilib turibdi. Men hatto qishda, yarim tunda ham bu yerlardan mashinamda bemalol yura olaman deya maqtanib qo‘yadi, bizning yosh haydovchimiz Erkin. Bu yerdagi har bir tosh, har bir muyulishni bilaman. Shunday ekan ko‘p ham xavotir bo‘lmasdan, manzaradan bahra oling

Bir nechta qishloqlarni ortda qoldirganimizdan so‘ng yo‘l butunlay yo‘qoldi. Mashinamiz atrofida ulkan qoyalar, buloq va kichik soylar bo‘lgan daryo o‘zani bo‘ylab siljishda davom etdi.

3000 metrdan ziyod balandlikdagi kichik yashil go‘sha - Dehibolo qishlog‘iga yetib bordik... Dehibololiklar asalarichilik bilan shug‘ullanadi, qo‘y boqadi, meva-sabzavot yetishtiradi, yoz bo‘yi ko‘mir, o‘tin g‘amlab qo‘yadi...

Boybuloq g‘ori tashqarisidamiz. Qoyada katta bo‘lmagan teshik bor. Atrofda havo harorati 30 daraja issiqligiga qaramay, g‘or og‘zidan sovuq yelvizak esmoqda. Teshikning shundoq to‘g‘risida Mustafoqul izlagan kichik buloqqa ko‘zimiz tushdi.

Bu yilda ayni manzilda Rossiya -Fransiya-Shveysariya qo‘shma ekspedisiyasi ish olib bordi, deydi mazkur ekspedisiya boshlig‘i Vadim Loginov. Asosiy vazifamiz Cho‘lbayir tog‘idagi eng chuqur g‘orlar - Boybuloq va Vishnevskiy ni bir-biriga ulaydigan tunnellarni topish. Ularning joylashuviga qarab, Boybuloq va Vishnevskiy aslida uzun bo‘lgan bitta g‘or, degan taxminga bormoqdamiz. Agar bu isbotlansa, dunyodagi eng chuqur g‘or kashf etilgan bo‘ladi. Ammo, bu oson ish emas.

Vadim Loginovning aytishicha, ekspedisiya g‘or ichida yangi daryolar va ko‘llarni ham topgan.

Siz dunyoning hech bir burchagida 3 ming metr balandlikdagi mana shunday g‘orni topa olmaysiz, deydi ekspedisiya a’zosi, shveysariyalik Arnauld Mallard.

Arnauld Mallard o‘z guruhi bilan chuqurligi 735 metr bo‘lgan Vishnevskiy g‘orini o‘rgandi. 2019 yilda ular yana bu yerga kelib, Boybuloq ni tadqiq etishni rejalashtirgan. Ekspedisiya a’zolari har ikkala g‘orning tutashgan joyini topish niyatida...

Manba: O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!