Chirchiq daryosidan qum-shag‘al aralashmasi noqonuniy qazib olinganligi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Bugungi kunda qum-shag‘al materiallarining ruxsatsiz qazib chiqarilishi aksariyat hollarda yer usti va yer osti suvlari kamayib ketishi, suvni muhofaza qilish zonalari botqoqlashishi va ifloslanishi, ularning qirg‘oqlari, sug‘orish tizimlari, transport va gidrotexnika infratuzilma ob’ektlarining buzilishiga, shuningdek, favqulodda holatlarning oldini olish bo‘yicha tadbirlar samaradorligining pasayishiga olib kelmoqda.
Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mutaxassislari hamkorlikda Qibray tumanidan oqib o‘tuvchi “Chirchiq” daryosining qirg‘oq bo‘yi muhofaza zonasi o‘rganilganida, bir qator qonunbuzilishi aniqlandi.
Xususan, “B.A.” MCHJning rahbari S.A.ning topshirig‘iga ko‘ra, daryoning o‘ng qirg‘og‘idan jamiyat ishchilari tomonidan 7 683,18 m3 qum-shag‘al aralashmasi noqonuniy qazib olinib, davlat va jamiyat manfaatlariga 225,6 mln. so‘m zarar yetkazilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) va 229-moddasi (o‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.