Buxoroda kredit ololmagan ayollar avtomobil yo‘lini to‘sdi

Buxoroda kredit ololmagan ayollar avtomobil yo‘lini to‘sdi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarga ko‘ra, 2021 yilning 15 iyul kuni Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida 15 nafardan ortiq ayol M-37 xalqaro ahamiyatga ega magistral avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygan. «Daryo» muxbirining aniqlik kiritishicha, holat g‘ijduvonlik tadbirkor ayol yetakchiligida sodir etilgan.

G‘ijduvon tumanining «Qo‘rg‘on» MFY, Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan «Marjona g‘uncha» NTM bilan Maktabgacha ta’lim vazirligi o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish uchun shartnoma imzolangan.

Unga ko‘ra, tadbirkor M.I. 1 milliard 700 million so‘mlik bitim evaziga 90 o‘ringa mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim muassasasini tiklab, foydalanishga topshirishi nazarda tutilgan. Bitimga asosan, viloyat «Ipoteka» banki tomonidan 1 milliard 275 million so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilgan. NTM binosining qurilish muddati 2018 yil 31 dekabr kuniga qadar belgilangan.

Biroq tadbirkor o‘zboshimchalik bilan quvvatni oshirish maqsadida 90 o‘rinli emas, 150 o‘ringa mo‘ljallangan NTM binosini qurgan. Bundan tashqari, tadbirkor bankdan qo‘shimcha ravishda 21 foizli 300 million so‘m kredit olgan hamda ushbu kreditdan qarzdorlik yuzaga kelgan. Qarzdorligi bo‘la turib, u yana bankdan yirik miqdorda kredit so‘ragan va rad javobini olgan. Shundan so‘ng o‘ziga tanish bo‘lgan ayollar bilan katta magistral yo‘lni to‘sib chiqib, qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan, deydi Buxoro maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Farhod Latipov.

Buxoro viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolovga ko‘ra, magistral avtoyo‘lda avtomashinalar to‘qnashuvi ham sodir bo‘lgan, jarohat olganlar bor va ular tuman markaziy kasalxonasiga yotqizilgan.

Holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan. Qonunbuzilishi yuzasidan to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudiga yuborilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!