Bo‘sh yotgan barcha yer va binolar auksionga chiqariladi

Bir hafta ichida Andijonda 360 ta bo‘sh va samarasiz ko‘chmas mulk aniqlandi. Shuningdek, 96 ta bino-inshootlar ochiq auksionda yillab sotilmayapti.
Bu ob’ektlar qulay shart asosida sotilsa, tadbirkorlar loyiha qilib, ish o‘rni yaratadi.
Masalan, Andijon shahri endokrinologiya markazidagi 20 sotix, yonidagi 1-son poliklinikaning 30 sotix bo‘sh yeri auksionga chiqsa, tadbirkor 20 million dollarlik 600 o‘rinli xususiy tibbiyot markazi qurmoqchi. Yoki, Andijon tumani O‘rikzor mahallasidagi ta’mirtalab “O‘quvchi yoshlar markazi” auksionga qo‘yilsa, bu yerga 35 million dollar investisiya kiritib, jami 6 ming o‘rinli bog‘cha, maktab, texnikum va oliygohdan iborat ta’lim klasteri qilaman, degan tadbirkorlar ham bor.
Mutasaddilarga bo‘sh yotgan barcha yer va binolarni auksionga chiqarish topshirildi.
"Hammani qattiq ogohlantiraman – tibbiyot va ta’lim tashkilotlariga tegishli bo‘sh binolar faqat “profili”ni o‘zgartirmaslik sharti bilan beriladi", - dedi Prezident.
Bosh prokuraturaga bu borada qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.