Bugungi juma mav’izasi mavzusi bilan tanishing
Bugun yurtimiz masjidlarida imom-xatiblar “Islom mo‘’tadil din” mavzusida mav’iza qiladilar. Bu haqda O‘MI rasmiy saytida xabar berildi.
“Islom dinini Alloh taolo odamlarga mashaqqat tug‘dirmaydigan oson va yengil qilib nozil qilgandir. Zero, Qur’oni karimning ko‘plab oyatlarida islom yengil din ekani, unda qiyinchilik yo‘q ekanligi atroflicha yoritilgan.
Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi: “Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi”, (“Baqara” surasi, 286-oyat).
Dinimizdagi barcha ibodatlar bandalarning toqat va qodirliklariga qarab buyuriladi. Masalan, ro‘za ibodatini olsak, bir kishi xastaligi kuchayishi yoki sog‘ayishining kechikishidan qo‘rqsa, safarda yurgan kishi ro‘za tutishga qiynalsa, homilador yoki emizikli ayol go‘dagiga ziyon yetishidan xavotirda bo‘lsa, bunday kishilar o‘sha vaqtda ro‘za tutmasliklariga ijozat berilgan. Ular ro‘za tutishga mone bo‘lgan sabablar ketganidan so‘ng, qoldirgan kunlarining qazosini tutib beradilar. Tabarruk yoshdagi otaxon va onaxonlar umuman ro‘za tuta olmasalar har kungi ro‘za uchun bir miskin taomi miqdorida fidya beradilar. Dinimizda mana shunday tarzda bandalarning imkoniyatlariga qarab ularga sharoit yaratib berilgan.
Yana boshqa bir oyatda esa: “Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi”, (“Baqara” surasi, 185-oyat), deyiladi mav’iza matnida.
Shuning mav’iza davomida ro‘zani buzuvchi ba’zi omillar haqida suhbatlashiladi.
