Boshqaning o‘zini ulug‘lab, o‘rnidan turishini yaxshi ko‘rgan inson do‘zaxiy bo‘ladimi?

Boshqaning o‘zini ulug‘lab, o‘rnidan turishini yaxshi  ko‘rgan inson do‘zaxiy bo‘ladimi?

Abu Mijlazdan rivoyat qilinadi: «Muoviya Abdulloh ibn Omir va Abdulloh ibn Zubayrning oldiga chiqdi. Ibn Omir o‘rnidan turdi. Ibn Zubayr o‘tiraverdi. U ikkisidan ko‘ra vazn­lirog‘i edi. Shunda Muoviya: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim ­Allohning bandalari uning oldida tik turishini yaxshi ko‘rsa, do‘zaxdagi uyiga tayyorlanaversin», deganlar», dedi».

Sharh: Muoviya roziyallohu anhu ichkaridan chiqsalar, Abdulloh ibn Omir bilan Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhumo o‘tirishgan ekan. Abdulloh ibn Omir Muoviyaning chiqqanlarini ko‘rib, o‘rnidan turibdi. Abdulloh ibn Zubayr o‘tiraveribdilar. Abdulloh ibn Zubayr ikkovlarining ichida haybatliroq, ulug‘roq edilar.

Shunda Muoviya: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Huzurida odamlarning titrab-qaqshab, egilib-bukilib turishidan xursand bo‘ladigan kishi o‘zining do‘zaxdagi joyiga tayyorlanaversin», deganlar», ma’nosidagi gapni aytdilar.

Kimki o‘zining haybatidan odamlar qo‘rqib, titrab-qaqshab turishini yoqtirsa, bunday kishi yaxshi odam bo‘lmas ekan. Shuning uchun Abdulloh ibn Zubayr hazrati Muoviya ichkaridan chiqqanlarida o‘rinlaridan turmagan ekan. Muoviya u paytda voliy bo‘lganlar (keyinroq xalifa ham bo‘lganlar), o‘zlari olim inson bo‘lganlari uchun hazrati Abdulloh ibn Zubayrning bu amallarini darhol to‘g‘ri tushunganlar, odamlarning ichida «biri turdi, biri turmadi» kabi gaplar chiqmasin deb, o‘rnidan turmagan kishini qo‘llab, «Turmagan kishi to‘g‘ri qildi» degan ma’noda gapirgan ekanlar.

Amalning o‘ziga kelsak, bu haqda ham hadislar ko‘p kelgan. Yuqorida o‘tgan hadislarda ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga qizlari Fotima roziyallohu anho kelganlarida o‘rinlaridan turganlari, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam borganlarida esa Fotima roziyallohu anhoning o‘rinlaridan turishlari rivoyat qilingan.

Bunday hadislarni to‘plab, umumiy o‘rganilganda shu narsa ma’lum bo‘ldiki, birov kelganda soxta hurmat uchun, qo‘rqqanidan o‘rnidan turish mumkin emas, biroq fazilatli insonlar kelganda, samimiy hurmatdan, muhabbatdan, ehtiromdan, boshqalarga Islom odobini namoyish qilish niyatida, shar’iy chegaradan chiqmagan holda turish mumkin.

Shayx Muhammad Sodiq MUHAMMAD YUSUF

  (Odoblar hazinasi kitobidan)

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!