Bloomberg: Emlash sur’atlarining sustligi Yevroittifoqqa 100 mlrd yevro zarar keltirishi mumkin

Bloomberg: Emlash sur’atlarining sustligi Yevroittifoqqa 100 mlrd yevro zarar keltirishi mumkin

Evropada koronavirusga qarshi emlash sur’atining «sustligi» investorlarni xavotirga solmoqda, chunki bu Yevropa Ittifoqining iqtisodiy tiklanishi va biznesni qayta yo‘lga qo‘yishni kechiktirishi mumkin. Bu haqda Bloomberg agentligiga tayanib, «RBK» xabar berdi.

Hozirga qadar Yevropa fond bozori ayniqsa, AQShdagi texnologik aksiyalarning pasayishi fonida vaksinasiyadan so‘ng yaxshi natijalarni ko‘rsatayotgan edi. Biroq Yevropa fondlari ketma-ket uchinchi hafta davomida bozordan kapitalning chiqib ketishini qayd etmoqda, deya ta’kidladi agentlik. O‘z navbatida Bank of America va BlackRock Investment koronavirus bilan kasallanish holatining davom etishi investorlarning hozirgi strategiyasiga putur yetkazishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Principal Global Investors bosh strategi Sima Shohning so‘zlariga ko‘ra, Yevropadagi vaksinasiya ishlariga byurokratiya va rasmiylarning qarama-qarshi bayonotlari to‘sqinlik qilmoqda. Bunga siyosiy kurashlar, ta’minotdagi uzilishlar va jamoatchilikning qarshiligi ham xalaqit beradi, deb ta’kidladi Bloomberg.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Yevroittifoqda har 100 kishiga o‘rtacha 8,96 doza vaksina to‘g‘ri kelmoqda. Taqqoslash uchun, AQShda bu ko‘rsatkich 26,48, Buyuk Britaniyada 34,26, Rossiyada 5,11 dozani tashkil qiladi. Emlash bo‘yicha yetakchi mamlakat Isroilda har 100 kishiga 95,35 dozadan vaksina to‘g‘ri keladi.

«Vahimachi bo‘lib ko‘rinib qolsak-da, afsuski, emlash stavkalarining sustligi yevrohududning qayta tiklanishiga to‘sqinlik qilishda davom etishini takror aytishga to‘g‘ri keladi», — dedi ING Belgiya bosh iqtisodchisi Piter Vanden Xovt. Bloomberg Economics'ning hisob-kitoblariga ko‘ra, biznesni qayta boshlashni bir-ikki oyga kechiktirish Yevropa Ittifoqi iqtisodiyotiga 50-100 milliard yevro zarar yetkazishi mumkin.

Vaksina ishlab chiqarishni ko‘paytirish va yetkazib berish bo‘yicha yangi shartnomalar bilan Yevrottifoq avgust oyining oxiriga kelib — kutilganidan taxminan, ikki oy oldin katta yoshli aholini 75 foizini emlash imkoniyatiga ega bo‘ladi, deya taxmin qilmoqda Airfinity tadqiqot kompaniyasi. Biroq investorlar uchun bu ham kech: yoz oylarida juda muhim va ketma-ket ikkinchi marta sayyohlik mavsumini o‘tkazib yuborish Yevroittifoq uchun xavf tug‘diradi, deydi Amerika banki strategi Atanasios Vamvakidis.

Mart oyining birinchi haftasida Italiya hukumati Avstraliyaga koronavirusga qarshi AstraZeneca vaksinasini yetkazib berishni to‘xtatdi. Partiya mahalliy zavodda ishlab chiqarilgan va 250 ming dozani tashkil etgan edi. Italiya tashqi ishlar vazirligi bu Italiya va boshqa Yevroittifoq mamlakatlariga yetkazib beriladigan dori miqdori bilan solishtirganda juda katta deb hisobladi.

Italiyaning qaroridan so‘ng, Fransiya hukumati ham Yevroittifoq tashqarisiga COVID-19’ga qarshi vaksina yetkazib berishni cheklashga ruxsat berdi.

Fevral oyi oxirida, AstraZeneca 2021 yilning ikkinchi choragida Yevropa mamlakatlariga vaksinaning rejalashtirilganidan yarmini — shartnomaga muvofiq 180 million dozaning o‘rniga 90 milliondan kamini yetkazib berishi ma’lum bo‘ldi. Bir oy oldin kompaniya texnik nosozliklar sababli ishlab chiqarish belgilangan muddatdan ikki oy orqada qolayotgani haqida xabar bergan edi.

Avvalroq pandemiya fonida 2020 yilda dunyo bo‘ylab global erkinlik darajasi pasaygani haqida xabar berilgandi. Hozirda dunyo aholisining 20 foizidan kamrog‘i «erkin» mamlakatlarda, 38 foizi «erkin bo‘lmagan» davlatlarda yashaydi.

Shuningdek, pandemiya oqibatida dunyo bo‘ylab 250 million kishi ishsiz qolgan. Mazkur ko‘rsatkich 2008—2009 yillardagi moliyaviy inqirozga qaraganda to‘rt baravar ko‘p.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!