Bishkekda suv tanqisligi keskinlashdi: xususiy hammomlar, avtomoyka va basseynlar yopilmoqda

A A A
Bishkekda suv tanqisligi keskinlashdi: xususiy hammomlar, avtomoyka va basseynlar yopilmoqda

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda suvning keskin tanqisligi kuzatilmoqda. Hukumat suvni tejash maqsadida shaxsiy hammomlar, basseynlar va avtoyuvish shoxobchalarini vaqtincha yopmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bunday qaror Bishkek shahar hokimi o‘rinbosari Jirgalbek Shamiraliyev va tegishli idoralar rahbarlari tomonidan shahar bo‘ylab o‘tkazilgan reyd davomida qabul qilingan. Qirg‘iziston poytaxti ichimlik suvi Orto-Alish va Ala-Archa yerosti suvlari konlarining 37 ta suv olish inshooti hisobiga ta’minlanadi.

Suv ta’minotining asosiy manbai Orto-Alish suv inshootidir. U ichimlik suvining 40 foizdan ortig‘ini ta’minlaydi. Ayni paytda chuqurligi 160-250 metr bo‘lgan 334 ta artezian qudug‘idan foydalanish ishlari olib borilmoqda.

So‘nggi yillarda aholini yozda ichimlik suvi bilan ta’minlashda katta muammo yuzaga keldi. Bir kishi 170 litr o‘rniga 410 litr suv iste’mol qilmoqda, ya’ni iste’mol hajmi 241 foizga oshdi.

Suv yetishmasligiga ichimlik suvidan yashil maydonlar, tomorqa va ekinlarni sug‘orishda keng foydalanilayotgani sabab bo‘lmoqda.

Meriya xodimlari Bishkekning bir qancha ko‘chalarida avtoyuvish shoxobchalarini tekshirdi.

“Bitta avtoyuvish joyi yopildi, biroq avtoyuvish egalarida ko‘pincha 10 tonnalik rezervuar mavjud. Bu ularga bir oyga yetadi”, — dedi shahar hokimligi inspektori.

“Bishkekvodokanal”ga Cho‘n-Alish kanali va Ala-Archi daryosidan ko‘llarni to‘ldirish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rish, shuningdek, muqobil suv o‘tkazgich qurish bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish topshirildi.

Chuy suv xo‘jaligi boshqarmasi bilan ko‘llarni to‘ldirish uchun 11 million kub metr suv yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishilgan, biroq muzliklar sekin erishi tufayli ko‘zlangan maqsadga erishilmagan.

Poytaxt aholisini suv bilan ta’minlash uchun suv tarmog‘i va nasos stansiyasi qurilmoqda, ko‘proq quduqlarni burg‘ulash uchun suv olish maydonlari kengaytirilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!