AQShda xorijiy talabalar soni 15 foizga kamaydi
Viza siyosatidagi o‘zgarishlar va kollejlarda o‘qish to‘lovlarining oshishi AQShdagi xorijiy talabalar sonini keskin kamaytirdi. Bu holat AQSh iqtisodiyoti uchun jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin, deb xabar beradi CNBC.
"Xalqaro ta’lim instituti" (Institute of International Education) notijorat tashkilotining hisobotiga ko‘ra, 2026 yil kuzgi semestrda AQShga o‘qishga qabul qilingan yangi xalqaro talabalar soni oldingi o‘quv yiliga nisbatan 15 foizga kamaydi. 2025-2026 o‘quv yilida esa bu ko‘rsatkich 17 foizdan ko‘proqqa kamaydi. Bu asosan Hindiston va Xitoydan kelgan abituriyentlar sonining kamayishi bilan bog‘liq.
AQShdagi ko‘plab kollejlar xorijiy talabalarni jalb qilishni ustuvor vazifa deb biladi. Biroq, hisobotda bu yo‘nalishda bir qator to‘siqlar mavjudligi ham ko‘rsatilgan. Xususan, AQShda o‘qish to‘lovlari boshqa mamlakatlarga nisbatan qimmat. Bundan tashqari, aksariyat F-1 va J-1 vizalarining amal qilish muddatini to‘rt yil bilan cheklaydigan yangi qoidalarga oid noaniqliklar ham xorijiy talabalarni jalb qilishga to‘sqinlik qilmoqda.
Xorijiy talabalar maslahatchilari milliy assosiasiyasi (NAFSA) tahliliga ko‘ra, xorijiy talabalar 2025-2026 o‘quv yilida AQSh iqtisodiyotiga taxminan 40 milliard dollar hissa qo‘shgan. Bu yil talabalar sonining kamayishi AQSh iqtisodiyotiga taxminan 2,4 milliard dollarga tushishi taxmin qilinmoqda.
Fitch Ratings xalqaro reyting agentligining tahlilida F-1 talaba vizalarini olish tartibiga kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlar xorijiy talabalarga juda bog‘liq bo‘lgan ba’zi AQSh kollejlari va universitetlarining moliyaviy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlangan.
