Aqiqa go‘shtini tarqatish mumkinmi?

— Farzandimizga aqiqa qilmoqchi edik, lekin ikki xonali uyda turamiz, mehmon kutishga sharoitimiz yo‘q. Shu aqiqani qay tarzda o‘tkazsak bo‘ladi? Uydan tashqarida qo‘y so‘yib, go‘shtini tarqatvorsa ham bo‘ladimi?
— Albatta, bir farzandning dunyoga kelishi katta bir hodisa. Faqat doimiy takrorlanib turgani uchun uncha ahamiyat berilmaydi, xolos. Musulmonlar orasiga yangi bir a’zoning qo‘shilishi, uning onasining sog‘ qolishi sharafiga Alloh taologa har qancha shukr qilinsa, har qancha xayri-sadaqa qilinsa, shuncha oz. Ba’zi holatlarda odamlar bu munosabat ila haddan oshib dabdabaga yo‘l qo‘ymasliklari uchun shariatda aqiqaga nima qilinishi va qay miqdorda bo‘lishi ham ko‘rsatib qo‘yilgan.
Aqiqaga so‘yilgan hayvonning go‘shti faqir-miskinlarga tarqatib berilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shuningdek, u go‘shtdan qo‘ni-qo‘shni va doyaga ham berilsa, bo‘ladi. Aqiqa farzand tug‘ilganining yettinchi kuni qilinadi. Agar yettinchi kuni imkoni bo‘lmasa, o‘n to‘rtinchi yoki yigirma birinchi kuni qilinadi. Agar u kunlari imkoni bo‘lmasa, imkonini topganda qilaveradi.
Uyga mehmon chaqirishga imkon bo‘lmasa, aqiqa go‘shtidan faqirlarga tarqatilsa ham bo‘ladi.
Vallohu a’lam!
Muhammad Ayyub HOMIDOV