10 ming nafar tadbirkor Yaponiya tajribasi asosida o‘qitiladi

A A A
10 ming nafar tadbirkor Yaponiya tajribasi asosida o‘qitiladi

“Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida respublikamizdagi 10 ming nafar tadbirkor Yaponiya tajribasi asosida o‘qitiladi va mentorlar tayyorlanadi.

AOKAda "Biznesni rivojlantirish banki" ATB Boshqaruvi va Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi rahbariyati, Yamagata universiteti vakillari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu haqda batafsil ma’lumot berildi:

“Biznesni rivojlantirish banki” ATB ushbu dasturni samarali amalga oshirish va uni doimiy ravishda takomillashtirib borish bo‘yicha asosiy tayanch bank sifatida belgilangan.

Dasturga asosan tashabbuskorlarning biznes ko‘nikmalarini shakllantirish yo‘nalishidagi qisqa va o‘rta muddatli amaliy o‘quv kurslari bank qoshidagi “Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi” tomonidan hududlarda tashkil etilgan 14 ta “Kichik biznesga ko‘maklashish markazlari”da olib borilmoqda.

Joriy yilda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Yaponiya biznes forumi davomida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB va Yamagata universiteti o‘rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq respublikamizdagi 10 ming nafar tadbirkor Yaponiya tajribasi asosida o‘qitiladi va mentorlar tayyorlanadi.

Kurslar demaind asosida may oyi oxiridan boshlanadi.

Kurslarda o‘qish tadbirkorlar uchun bepul va 100% yapon mutaxassislari tomonidan o‘zbek tilida amalga oshiriladi. https://biznes-portal.uz/ platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin.

Yaponiyaning nufuzli universiteti bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan o‘quv kurslarida tadbirkorlar biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish, biznes-rejani ishlab chiqish, loyihalarni moliyalashtirish manbalarini topish kabi yo‘nalishlarda o‘qitiladi.

Shuningdek, yaponiyalik mutaxassislar ko‘magida mahalliy kadrlar orasidan mentorlar tayyorlanadi. Kelgusida “Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi” tomonidan tadbirkorlarni o‘qitish ishlari mentorlar yordamida tashkil etilishi rejalanmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!