Zaxarova: Rossiya Trampning javob tashrifini kutmoqda
Rossiya tomoni AQSh prezidenti Donald Trampning javob tashrifini kutmoqda. Bu haqda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Sharqiy iqtisodiy forum doirasida TASS agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Prezidentimiz bu haqda Alyaskadagi sammitda ishtirok etgandan so‘ng aytdi. U ochiqchasiga AQSh prezidentin Rossiyaga taklif qildi”, — dedi Zaxarova.
Tramp tashrifining aniq vaqti haqidagi savolga u: “Bu prezident ma’muriyatining mas’uliyati”, deya javob berdi.
Shuningdek, Zaxarova joriy yilda Rossiya va AQSh o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta yo‘lga qo‘yish imkoniyati haqida to‘xtalar ekan, Moskva Vashingtonga aniq takliflar yo‘llaganini bildirdi.
“Biz bu tashabbus bilan amerikaliklarga murojaat qildik. Bu siyosiy kun tartibining bir qismi emas, balki pragmatik yo‘ldir. Odamlar shunday xohlaydi”, — deya ta’kidladi Zaxarova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, oldinlari parvozlar faqat 9 soat davom etgan bo‘lsa, hozirda banklar o‘rtasidagi o‘tkazmalar va turli cheklovlar tufayli safarlar bir sutkagacha cho‘zilmoqda.
“Rus aviakompaniyalari amerikalik sheriklar bilan birga bu yo‘nalishni yuqori darajada amalga oshirgan. Hamma rozi edi — qulay parvozlar, yuqori xizmat va yaxshi brendga mos ko‘rsatkich”, — dedi Zaxarova.
Uning ta’kidlashicha, bu tashabbus nafaqat reklama uchun, balki ikki mamlakat fuqarolari va qit’alar o‘rtasida sayohat qiladiganlar uchun ham katta qulaylik yaratadi.
“Taklif kiritilgan, endilikda uni amalga oshirish ustida ishlash kerak. Aniq sana haqida hozircha ayta olmayman, ammo ma’lum bo‘lishi bilan baham ko‘raman”, — deya qo‘shimcha qildi Zaxarova.
