Xitoy rossiyalik harbiylarni yashirincha o‘qitgan
Rossiya harbiy xizmatchilari Xitoyda ommaviy qirg‘in qurollari qo‘llanilgan sharoitda harakat qilish bo‘yicha yashirincha tayyorgarlikdan o‘tgan. Bu haqda Yevropa rasmiylari va Rossiya Mudofaa vazirligining ichki hujjatlariga tayanib, Reuters agentligi xabar bermoqda. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu maxfiy o‘quv dasturi shaxsan vazir Andrey Belousov tomonidan ma’qullangan va u 2025 yilning ikkinchi yarmida kamida to‘rt nafar Rossiya va Xitoy generallarining bevosita ishtirokida bo‘lib o‘tgan.
Kurslardan biri uch hafta davom etgan bo‘lib, u yadroviy, kimyoviy va biologik xavflardan himoyalanishga bag‘ishlangan. Xususan, rossiyalik harbiylarga kimyoviy va radiasiyaviy razvedka olib borish, shuningdek, ventilyasiya tizimlarini zaharlanishdan himoya qilish o‘rgatilgan. Mashg‘ulotlar noyabr oyida Pekindagi armiya ob’ektida o‘tkazilgan. Hujjatlarda xitoylik yo‘riqchilar (instruktorlar) rahbarligida olib borilgan o‘quv jarayoni aks etgan fotosuratlar mavjud. Ular, jumladan, rossiyalik harbiylarga yadroviy reaktor modelini ham namoyish etishgan.
Hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, tayyorgarlikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi shartnomani Rossiya tomonidan general-mayor Rustam Xusainov va Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi tomonidan katta polkovnik Sun Dayun imzolagan. Rossiya Federasiyasi delegasiyasiga Quruqlikdagi qo‘shinlar bosh qo‘mondoni o‘rinbosari, general-polkovnik Rustam Muradov rahbarlik qilgan.
Evropa rasmiylarining fikricha, generallarining ishtiroki hamda dasturga ommaviy qirg‘in qurollarini qo‘llash bilan bog‘liq mavzularning kiritilishi Moskva va Pekin o‘rtasidagi harbiy hamkorlik strategik xususiyatga ega ekanligidan dalolat beradi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi agentlikka bergan sharhida ushbu ma’lumotlarni «mutlaqo asossiz» deb atadi va mamlakatning Ukrainadagi urush bo‘yicha pozisiyasi o‘zgarishsiz qolayotganini ta’kidladi: Xitoy neytrallikni saqlab kelmoqda va mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishda vositachi sifatida chiqish qilmoqda.
