Xitoy kompaniyasi Bo‘stonliq tumanida osma yo‘llar quradi

Xitoy kompaniyasi Bo‘stonliq tumanida osma yo‘llar quradi

O‘zbekiston va Xitoy Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida yangi dor yo‘llarini (po‘lat arqonli osma yo‘llar) qurishga kelishib oldi. Bu haqida Turizm va madaniy meros vazirligi xabar berdi.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi hamda “Injiniring bo‘yicha Xitoyning “CAMCE” korporasiyasi” hamkorlik to‘g‘risida memarandum imzoladi.

Memorandum doirasida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

O‘zbekistonda investision qurilish loyihalarini amalga oshirish va dor yo‘llarini ekspluatasiya qilish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish;

Bitim doirasida investision loyihalarni ommalashtirish uchun ekspertlarni jalb qilish;

Dor yo‘llarini qurishga mo‘ljallangan joylarni tanlash hamda hamkorlikning texnik va moliyaviy darajadagi tafsilotlarini aniqlashtirish uchun mutaxassislar guruhini yuborish;

Dor yo‘llarini (po‘lat arqonli osma yo‘llar) ekspluatasiya qilish va boshqarish bo‘yicha o‘quv tashkillashtirish.

“Mazkur bitimni tayyorlash doirasida Xitoy korporasiyasi vakillari hududning infratuzilma sharoitlarini o‘rganish uchun Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurishdi. Tashrif davomida “Chorvoq” TRZ direksiyasining investision loyihalari, shuningdek, tumanda dor yo‘llarini qurishga qiziqish bildirildi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, “Injiniring bo‘yicha Xitoyning “CAMCE” korporasiyasi” XXR markaziy hukumatining boshqaruvidagi davlat korxonasi bo‘lgan — Xitoy milliy mashinasozlik korporasiyasi (SINOMACH) tarkibiga kiradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!